Kimdir xorijga ishga ketgani uchun, yana birov hujjatlarini to`g`rilay olmay yaqinlari diydorini ko`rmaydi. Avtomobilda bor-yo`g`i bir soatlik masofaga, ammo o`tish taqiqlangani uchun viza tartibida borib kelishim lozim bo`lgan ota uyimga etti yildan beri qadamim etmasdi.
Asli otam samarqandlik, ammo taqdir taqozosi bilan bir paytlar Tojikistonning Panjakentiga borib, yashab qolgan. O`sha erda uylanib, uyli-joyli bo`lgan. Qarindosh-urug`chiligimiz uzilib ketmasin, degan maqsadda meni Samarqandga uzatishgandi. 2010 yilda yo`llar yopilgach, bor-yo`g`i bir marotaba ota-onamni ko`rib keldim. Buning uchun avval Tojikistonning O`zbekistondagi echixonasiga borib kelishim, shundan so`ng Bekobodga, undan keyin Xo`jandga, u yoqdan o`tib, Panjakentga boradigan ulovga minishim lozim edi. Shu tariqa taxminan 12 soat yo`l yurishimga to`g`ri kelardi. Yo`llar talabga javob bermaydi. Qolaversa, u avtobusdan bu avtobusga chiqish kishini ham moddiy, ham jismoniy jihatdan qiynab qo`yardi. Aka-ukalarim, singillarim bilan doim telefonda muloqot qilib turdik. Yaqinlaringning diydorini ko`rmay, ayniqsa, ota-onang holidan xabar olmay yashash mashaqqatini boshidan o`tkazganlargina bilsa kerak. "Qarindoshlik rishtalari mustahkamlanishini istagandingiz, aksi bo`lib, ota-bolalik iplari ham uzilib ketyapti-ku", derdim alam bilan otamga telefon orqali. Sababi, kenja farzandim bobo-buvisini zamonaviy aloqa vositalari orqali ko`rardi-da. To`g`ri, oilamiz tinch, uch farzandim, turmush o`rtog`im bilan totuv yashab kelyapmiz. O`zim ham Samarqand shahridagi Xo`jasoat mahalla fuqarolar yig`inida faoliyat yuritaman. Ammo ota-ona haqida gap ketguday bo`lsa, ko`zimga yosh kelardi.
"Jartepa" va "Sarazm" o`tkazish maskanlari ochilishini eshitdim-u, telefon orqali yaqinlarimga bu xabarni etkazdim. Ular ham ochilish marosimida ishtirok etdilar. Quvonch yoshlari bizni hanuzgacha tark etmaydi. Axir yaqin insonlaringning diydoridan ulug`roq ne`mat bormi? Ota-onam, oilamiz Prezidentimizni duo qilamiz. Ota-ona, farzandlarni diydorlashtirgan insonni Alloh qo`llasin, deymiz.
Saodat AKRAMOVA,
Samarqand shahri.






