AsosiyJamiyat

Cog`liqni saqlash vaziri: Tug`ruqxonadan chiqish marosimlaridagi ortiqcha dabdabozliklar chaqaloq salomatligiga salbiy ta`sir qiladi

'Cog`liqni saqlash vaziri:  Tug`ruqxonadan chiqish marosimlaridagi ortiqcha dabdabozliklar chaqaloq salomatligiga salbiy ta`sir qiladi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligida oilada farzand dunyoga kelishi munosabati bilan o`tkaziladigan marosimlar, ayniqsa, tug`uruqxonadan chaqaloqni olib chiqish tadbirlaridagi dabdababozlik, milliy urf-odatlarimizga zid bo`lgan turli ortiqcha marosimlarning oldini olish bo`yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.

– Tan olib aytish kerak, haqiqatan ham millatimiz ushbu masalada tanazzul yoqasiga kelib qolgani rost – deydi sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov.

– Davlatimiz rahbari juda o`rinli ta`kidlaganlaridek, to`y-marosimlarni o`tkazish faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ham. U bir oilada tashkil qilingani bilan tadbirning ta`siri butun jamiyat hayotiga, xalqimiz salomatligiga ta`sir qiladi. Joriy yilning fevral oyida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oilada farzand tug`ilishi munosabati bilan o`tkaziladigan marosimlardagi dabdababozliklarning oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlanib ijroga kiritildi.

Tibbiyot xodimlari xalq orasiga chuqur kirib, yangi va ta`sirchan usullarda targ`ibot ishlarini olib bormoqda. Kuzatuvlarimizdan ko`rinmoqdaki, tushuntirishning eskicha usullari bugun o`zini oqlamaydi. Shu bois ayni damda tibbiyot muassasalarida akusher-ginekologlar, oila shifokorlari, patronaj hamshiralar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz.

Homilador ayollar, qaynona-qaynotalar bilan alohida targ`ibot ishlari o`tkazilmoqda. Chaqaloq dunyoga kelishi bilan o`tkaziladigan ortiqcha dabdababozlikdagi marosimlarning yangi tug`ilgan go`dak va ona sog`ligiga salbiy ta`siri tibbiy nuqtai nazardan tushuntirilmoqda. Ayniqsa, chaqaloq tug`ilgach, dastlabki qirk kun ona va bola sog`ligi uchun eng muhim palla ekani, bu muddat ichida qarindosh-urug`larning yo`qlovi ham ular salomatligiga salbiy ta`sir qilishi haqida suhbatlar o`tkazilmoqda. Chilla davri deb aytiladigan bu muddatga xalqimiz qadimdan ham alohida e`tibor qaratib kelgan.

Birgina Toshkent shahrida ushbu targ`ibotlar natijasida mingga yaqin yosh oilalar tug`ruq majmuasidan chiqish jarayonlarini ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarsiz, milliy urf-odatlarimiz bo`yicha o`tkazishdi. Bugun ularning qamrovi kengayib bormoqda. Bola salomatligi, kelajagi, ertangi hayoti uchun uning tug`uruqxonadan qanday avtomashina, ertak qahramonlariyu, karnay-surnay bilan chiqishi emas, unga beriladigan tarbiya, tibbiy yordam va ota-ona namunasi muhim ekanini anglab etayotgan oilalar soni ortib bormoqda.

    Boshqa yangiliklar