Toshkent shahar IIBB xodimlari xotirasini yo`qotgan Rossiya fuqarosining oilasini topishga yordam berdi, deb xabar qildi IIBB matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqda Roza Faxretdinova ismli ayol 1977 yilda tug`ilgan Dmitriy Pitko haqida yozib, uning otasi Orenburg viloyatining Aleksandrovsk tumanida yashashini bildirgan.
Toshkent milisiyasi tezkor xodimlari Sergey Dmitrievichni topishdi va unga o`g`li haqida ma`lum qilishdi. Pitko Dimani anchadan buyon qidirayotganini, hatto "Jdi menya" ko`rsatuviga murojaat qilganini aytdi. Uning so`zlariga ko`ra, 90-yillar boshida Sergey Dmitrievich turmush o`rtog`i Nina, o`g`li Dmitriy va qizi Katarina bilan O`zbekistondan Rossiyaga ko`chib ketishadi. Keyinchalik ular ajrashib ketishadi. Sergey Orenburgda qoladi, Nina esa Toshkentga qaytadi. Dmitriy 1994 yilda maktabni bitirib onasining yoniga qaytadi. O`shandan buyon u otasi bilan ko`rishmagan, Nina Pitko esa o`sha yili vafot etgan.

Toshkent IIBB xodimlari Dmitriy Pitkoni to`rt kunda topishdi, chunki ijtimoiy tarmoqdagi postda aytilgan "aeroport atrofi" kattagina hududni egallaydi. Avtomobillarni yuvish shaxobchasidagilardan biri Dmitriyga o`xshagan shaxsni yo`l chetidagi qahvaxona oldida ko`rganini aytdi. Qahvaxona egasi Eduard Chulyakov va uning turmush o`rtog`i Lada Dmitriyni darrov tanishdi.
Ularning aytishlaricha, mart oyi boshida uning xotirasi qisman tiklangan, u qog`ozga otasi haqidagi ma`lumotlar va Rossiyadagi manzilgohini yozib bergan. Keyinroq aniqlanishicha, bu ma`lumotlar qisman to`g`ri bo`lib chiqdi. Qahvaxonada ishlovchi Yuliya Nikisheva ma`lumotlarni "Jdi menya" dasturining ijtimoiy tarmoqdagi guruhiga joylagan. Roza Faxretdinova shu asosda o`z postini yozgan. Qahvaxona egalari va xodimlari ancha yillardan beri Dmitriyning qornini to`qlab, ustini butlab kelishgan.
Rossiyaga borish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so`ng u Orenburg viloyatiga otasining oldiga jo`natiladi.






