O`zbekistonda “Damas” avtomashinalarida yo`lovchilarni tashishni bosqichma-bosqich “Peugoet” mikroavtobuslariga o`tkazish dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbari o`rinbosari Shoolim Shovahobov aytib o`tdi.
“Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” O`zbekiston — Fransiya avtomobil zavodi o`z mahsulotlarining birinchi turkumini joriy yil dekabr oyida etkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu erda ikki rusumdagi – “Pejo bokser” (10-12 xil modifikasiyali) va “Pejo ekspert” (7 ta modifikasiya) ishlab chiqariladi. Yiliga birinchi turdagi model 3 mingta, ikkinchisi esa 13 mingta tayyorlanadi.
Bugun xususiy tashuvchilar orasida “Damas” o`zining iqtisodiy tejamkorligi bilan juda mashhur. Ammo bu turdagi transport vositasi yo`lovchilar uchun juda noqulay hisoblanib, favqulodda vaziyatlarda xavfsiz emas.
O`zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbari o`rinbosari Shoolim Shovahobovning aytishicha, ayni paytda mamlakatimizda yo`lovchi tashishda 36 mingta “Damas”dan foydalanilayapti.
“To`g`ri, bugungi kungacha yurtimiz viloyatlari shahar oldi va shaharlarida “Damas”lar qatnayapti. Poytaxtda esa ular endi yo`q. Joriy yilning to`rtinchi choragida Jizzaxda 11 va 17 o`rinli yangi mikroavtobuslarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. Mazkur texnika bosqichma-bosqich yo`llarimizdagi “Damas”larni almashtiradi. Tashuvchilar ushbu texnikani kutishayapti, bizning agentlikda ham bunday mikroavtobuslarni sotib olish bo`yicha dastur bor. Bu xuddi, masalan, O`zbekistonda “Tiko” ishlab chiqarish to`xtatilgandan so`ng, “Matiz” va “Spark” ishlab chiqarishga o`tilgani kabi yangi bosqichga ko`tarilish bo`ladi”, — dedi Sh. Shovahobov.
Ma`lum qilinishicha, yangi mikroavtobuslar shinam, xavfsiz va boshqarishga qulay, shuningdek, benzin sarflash nuqtai nazaridan tejamkordir.






