AsosiyJamiyat

Prezidentlar qarori keksa onaxonning ushalmas orzusini amalga oshirdi

'Prezidentlar qarori keksa onaxonning ushalmas orzusini amalga oshirdi'ning rasmi

O`zbekiston va Tojikiston rahbarlari o`z fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo`shni mamlakat hududida 30 kungacha bo`lish imkoniyatini yaratib berganidan xabaringiz bor.

Qardoshlar bundan unumli foydalanib, Navro`z ayyomi nishonlangan kunlarda sayohatga otlanishdi. Xususan, ko`plab tojikistonliklar diyorimizga tashrif buyurib, o`z safarlarini ko`tarinki kayfiyatda, zavq-shavq va hayratga to`lib o`tkazishdi. Olgan katta taassurotlarini internet ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga tezda joylashtirib, barcha bilan o`rtoqlashdi, deb yozadi "Xalq so`zi" nashri.

Quyida ularning ayrimlarini keltirib o`tamiz.

“Qaror qabul qilindi: chegara ochiq! Qani ketdik. Ertalab soat 8:00dan Tojikiston – O`zbekiston chegarasiga etib keldik. Hech qanday tanqid yo`q, faqat axborot. Biz tomondagi chegarada ozgina tartibsizlikni hisobga olmaganda, hamma o`tayapti. Qardosh O`zbekiston tomonda 5-6 nafar chegara xizmati zobiti va 2 nafar bojxona xizmati xodimi mening avtoulovimni sinchkovlik bilan tekshirdi. Qat`iy, lekin muloyimlik bilan. Buning uchun ularga plyus”, — deb yozadi Farxod Sanginov. Shuningdek, u O`zbekistonda narx bo`yicha hamma narsa arzonligini qayd etib, jumladan shunday ta`kidlaydi: “Bir porsiya kabobda — uchta six. Tuxum, un, mandarinlar, non — arzon”.

Aytgancha, dam olish kunlari mamlakatimizga kelgan tojikistonliklarning mahsulotlar O`zbekistonda Tojikistonga nisbatan ancha arzonligi haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda asosiy o`rinni egalladi, trendga aylandi.

Mehmonlar, shuningdek, O`zbekiston fuqarolari tomonidan ko`rsatilgan xushmuomalalikni alohida e`tirof etdilar.

“Yigirma yildan ortiq vaqt ichida bir-birimizni ko`rmagan edik, bir-birimiz haqida deyarli hech narsa bilmas edik, endi xuddi o`rtada nifoq bo`lmagandek uchrashdik, biz haqiqatan ham o`zbeklar bilan birodarlarmiz, biz mintaqadagi eng yaqin xalqlarmiz”, — deb qayd etadi ParvizXZ nikli yana bir foydalanuvchi.

Shular qatorida Tojikistonga tashrif buyurgan o`zbekistonliklar ham qo`shnilar mehmondo`stligidan xursand ekanligini yashirmagan.

“Tojikiston xalqiga mehmondorchilik uchun rahmat, — deb yozadi samarqandlik Nodir Ahmedov. — Kecha Samarqand tarafdan Dushanbega o`z avtoulovim bilan bordim! DAN xodimlari yaxshi va xushmuomala. Qardosh Tojikiston xalqiga mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildiraman. Tojikistonda hech qachon bo`lmaganman, kecha ilk bor tashrif buyurdim, o`z mashinamda Dushanbe, Panjikent shaharlarini aylandim, hammasi a`lo — muammo yo`q. O`zbek va tojik xalqiga hurmat! Prezidentlarga rahmat!”

O`z navbatida, “Facebook”dagi Tojikistonning mashhur guruhlarida o`zbekistonlik, O`zbekistonning mashhur guruhlarida esa tojikistonlik ko`plab yangi ishtirokchilar paydo bo`ldi.
Qolaversa, o`zbekistonliklar qo`shni yurtdan keladigan mehmonlarga qo`lidan kelgancha on-layn ko`mak berishga intilgan.

“Bolalar, mana sizga Toshkent metrosi xaritasi”, — deb fotosuratlarni taqdim etgan o`zbekistonlik Bobur Feniks.

Yana bir foydalanuvchi Otabek Fatxullaev esa Toshkentning qaysi joyida ovqatlanish mumkinligi, O`zbekistonning istalgan bankida valyuta ayirboshlash imkoniyati mavjudligi, xususan, 1 AQSh dollarining davlat kursi haqida ma`lumot bergan.

Hatto, ayrim o`zbekistonliklar yordam kerak bo`lsa deb o`z shaxsiy telefon raqamlarini, tojikistonliklar esa bunga javoban o`z raqamlarini qoldirgan.

“Biz Samarqandga buvimiz bilan bordik. Men uni o`z mashinamda olib bordim. U kishi 79 yoshda, — deb yozadi Nodir Ibrohiov “Facebook”dagi sahifasida. — U yo`l bo`yi jim ketdi. Samarqand uning Vatani va buvim endi u erga boshqa bora olmasligi haqida ko`p gapirardi. Lekin bordi. Uning ushalmas orzu armonini amalga oshirgan barchaga rahmat, bizning qardosh xalqlarimizga shon-sharaflar bo`lsin. Bundan buyon doim shunday bo`laversin”.

Eslatib o`tamiz, joriy yil aprel oyida mamlakatlar o`rtasidagi avtobus qatnovlari yangilanib, Tojikistondan avtobuslar O`zbekistondagi beshta shahar — Toshkent, Samarqand, Denov, Termiz va Farg`onaga boradi. Shundan so`ng yuqoridagi kabi dil so`zlari, orzular ro`yobi ko`payishiga shubha yo`q.

    Boshqa yangiliklar