Shavkat Mirziyoev: “Tomorqaga ekin ekish” oyligini e`lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak

Siyosat 23.03.2018, 22:06
Shavkat Mirziyoev: “Tomorqaga ekin ekish” oyligini e`lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 mart kuni qishloq xo`jaligini jadal rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan islohotlar natijadorligiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu xaqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash – katta masala. Bu esa qishloq xo`jaligida yuqori hosil olish, agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli o`tkazishga bog`liq, dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda g`alla hosildorligini oshirish, chigit ekish ishlarini sifatli bajarish, meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari etishtirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Urug` sentyabr-oktyabr oylarida ekilib, o`z vaqtida mineral o`g`it berilgan va sug`orilgan dalalarda g`alla to`liq naychalash bosqichida rivojlanmoqda. Lekin 5,7 foiz maydonlarda g`alla o`sishi kechikib, haligacha tuplash fazasida qolmoqda. Buning asosiy sababi g`allani sug`orish, dalalarga mahalliy o`g`it chiqarish, yovvoyi o`simlik va zararkunandalarga qarshi kurashish borasida sustkashlikka yo`l qo`yilganidir.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, g`allani mart va aprel oylarida kamida bir martadan qondirib, sharbat usulida sug`orish hamda suspenziya usulida bargidan oziqlantirish, o`simliklarni himoyalash vositalari sepishni yakunlash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Har bir fermer xo`jaligi bo`yicha don etishtirishda hosildorlikni gektariga kamida 10 sentnerga oshirish yuzasidan dolzarb oylik e`lon qilib, 21 aprelgacha kunma-kun amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ta`kidlandi.

Chigit ekishni sifatli o`tkazish va to`liq ko`chat olish masalasiga e`tibor qaratildi.

Joriy yilda 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017 yilga nisbatan 135 ming gektarga, 2016 yilga nisbatan esa 184 ming gektarga kamdir. Chunki fermerlarga faqat zarar keltiradigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo`lgan erlarga paxta ekishdan voz kechildi, buning o`rniga xaridorgir mahsulotlar ekilishi belgilandi.

Eng asosiysi, qishloq xo`jaligida iqtisodiy asosli va adolatli tizim yaratilib, paxta-g`allaning xarid narxi xarajatlarni qoplaydigan va foydani ta`minlaydigan qilib belgilab qo`yildi. Endi “chigit ekishga mablag` etmayapti, yoqilg`i yo`q” degan bahonaga o`rin qolmadi, ajratilayotgan mablag`lar barcha tadbirlar uchun etadi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu bois Qishloq xo`jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlardagi sektorlar rahbarlariga chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim bo`yicha tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Mavsumda talab etiladigan urug`lik, mineral o`g`it, chigit ekish texnikasi va yoqilg`i-moylash mahsulotlarini aniq hisob-kitob va jadval asosida etkazib berish, 15 aprelgacha chigit ekish ishlarini to`liq yakunlab, 25 aprelga qadar nihol undirib olish zarurligi ta`kidlandi.

Prezidentimiz tomorqalardan samarali foydalanish masalasiga alohida to`xtaldi.

Aholi va dehqon xo`jaliklariga tegishli unumdor tomorqa erlaridan foydalanish mutlaqo talabga javob bermasligi tanqid qilindi. Aksariyat aholining 8-10 sotix tomorqa eri bo`lsa-da, hech narsa ekmagan.

Davlatimiz rahbari kichik tomorqadan mo`l hosil olib, oilasini boqayotgan, katta daromad topayotgan mehnatsevar odamlarni o`rnak qilib ko`rsatdi.

Cho`p suqsang, ko`karadigan erimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa erlaridan – shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab “Tomorqaga ekin ekish” oyligini e`lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech bo`ladi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu borada aholiga ko`maklashish maqsadida barcha tumanlarda “Tomorqa xizmati” korxonalarini tashkil etish, ular orqali tomorqalar uchun ko`chat, mineral o`g`it, kimyoviy preparatlar etkazib berish, mexanizasiya va boshqa servis xizmatlari ko`rsatish bo`yicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Shu xizmatlar etishtirilgan hosilni xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish bilan ham shug`ullanadi.

Yig`ilishda meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari etishtirish bilan bog`liq ishlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 2017 yilga nisbatan 24 foiz ko`p mahsulot etishtirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Ushbu rejadagi meva-sabzavotlarni sifatli etishtirish, xalq iste`moli uchun g`amlash, belgilangan qismini eksport qilishni ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1