1

Tojikiston elchisi: Rog`un GESi O`zbekistonga ham elektr energiyasi etkazib berishga xizmat qiladi

Siyosat 24.03.2018, 09:01
Tojikiston elchisi: Rog`un GESi O`zbekistonga ham elektr energiyasi etkazib berishga xizmat qiladi

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazida Tojikistonning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy jurnalistlar bilan uchrashdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Muloqot avvalida elchi O`zbekiston Prezidentining Tojikistonga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo`lganiga alohida e`tibor qaratdi. Bu tashrif ikki mamlakatning o`zaro aloqalarida yangi sahifa ochgani, xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan ko`plab masalalarga echim topgani bilan ana shunday xususiyat kasb etdi.

Ikki davlat rahbarlari barcha imkoniyatdan foydalangan holda, o`zaro manfaatli hamkorlik uchun keng maydon yaratishga intilgani tufayli mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga ko`tarildi.

O`zbekiston va Tojikiston davlat chegaralarida o`tish punktlari ochilgani azaldan yaqin qo`shni, qardosh bo`lib kelgan ikki xalq hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Uzoq vaqt bir-birini ko`rmagan yaqin qarindoshlar, do`stu birodarlarning o`zaro diydorlashuvi katta xursandlikka sabab bo`ldi.

Muloqot davomida elchi suv-energetika sohasidagi o`zaro hamkorlik masalasiga to`xtalib o`tdi. Qad rostlayotgan Rog`un GESi nafaqat Tojikiston, balki mintaqa davlatlari, jumladan, O`zbekistonga ham elektr energiyasi etkazib berishga xizmat qilishini aytdi.

Suhbat asnosida elchi O`zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi bo`yicha o`z fikrini bildirib o`tdi. Qayd etilganidek, O`zbekiston siyosatining besh yilga mo`ljallangan ustuvor yo`nalishlari belgilab berilgan ushbu hujjatda Markaziyo Osiyo mintaqasi bilan bog`liq masalalar echimiga ham e`tibor qaratilgan.

Elchi Afg`oniston masalasiga to`xtalib o`tdi. Bu mamlakatdagi vaziyat nafaqat afg`on xalqi, balki qo`shni davlatlar xalqlari uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. Shu jihatdan 26—27 mart kunlari o`tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg`oniston bo`yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etilayotgani e`tiborga loyiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1