Toshkentdagi Inha universitetida IBM Technology Academy forumi bo`lib o`tdi. Unda xorijiy va mahalliy AT-kompaniyalarining o`nlab vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi O`zA.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, IBM hamda RRC kompaniyalari tomonidan tashkil etildi.
Ikki kun mobaynida forum ishtirokchilari, jumladan, etakchi xorijiy kompaniya xodimlariga axborot texnologiyalari sanoatining turli yo`nalish va tendensiyalari, so`nggi rusumdagi kompyuter, tarmoq uskunalari va jamlanmasining imkoniyatlariga bag`ishlangan yigirmadan ortiq taqdimot va ma`ruzalar namoyish qilindi.
Forum doirasida mamlakat mutaxassislari eng so`nggi nusxadagi server va kompyuter jamlanmalarining o`ziga xos xususiyatlari, Power9 yangi arxitekturasidagi prosessorlarning xususiyatlari, ularning afzalliklari hamda avvalgi nusxalaridan farqli jihatlari bilan tanishish imkoniga ega bo`ldi. Shuningdek, «bulutli» texnologiya hamda telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish sohasidagi so`nggi texnik ishlanmalar namoyish etildi.
Laboratoriya sharoitida o`tkazilgan amaliy mashg`ulotlarda forum ishtirokchilariga mustaqil ravishda eng yangi tarmoq uskunalaridan foydalangan holda ishga layoqatli korporativ tarmoqni yaratish taklif etildi.






