Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2013 yildagi va 2014 yilning birinchi choragidagi ijrosi yakunlari to`g`risidagi hisoboti ko`rib chiqildi. Yig`ilishni qo`mita raisi B.M. Iminov olib bordi.
2013 yil yakunlariga ko`ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 8,0 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,8 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish 6,8 foizga, pudrat qurilish ishlari hajmi 16,6 foizga, xizmatlar hajmi 13,5 foizga, chakana savdo aylanmasi 14,8 foizga o`sishiga erishildi.
Eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va eksportni diversifikasiya qilish, mahsulotlarni sotishning yangi tashqi bozorlarini faol o`zlashtirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar eksport hajmining 10,9 foizga o`sishini, tashqi savdo aylanmasi ijobiy saldosining 1,3 milliard dollardan ortiq miqdorda bo`lishini ta`minladi.
Iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jixozlash, uy-joy qurilishini, transport va infratuzilma kommunikasiyalarini rivojlantirish borasida faol investisiya siyosati olib borilishi natijasida investisiyalarni o`zlashtirish hajmlari 11,3 foizga ortdi. O`tgan yilda 150 ta yirik investisiya loyihasini amalga oshirish tugallandi.
Aholi bandligini ta`minlash dasturlarini amalga oshirish doirasida 970 minga yaqin yangi ish o`rinlari yaratildi, ularning 60,3 foizdan ortig`i qishloq joylarda tashkil etildi.
2014 yilning birinchi choragida ham mamlakat iqtisodiyotida muhim ijobiy o`zgarishlarni ta`minladi. Jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmi 7,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,9 foizga, shu jumladan iste`mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 12,8 foizga, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish 6,2 foizga, qurilish ishlari hajmi 15,5 foizga o`sdi.
Ichki talabni yanada rag`batlantirish va aholining xarid imkoniyatlarini oshirish bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar chakana tovar aylanmasi 14,3 foizga, xizmatlarning 9,1 foizga o`sishini taminladi.
Joriy yilning 1 choragida Davlat byudjetining daromadlari 6 trln. 646,0 mlrd. so`mni, xarajatlari esa 6 trln.589,1 mlrd.so`mni tashkil etdi hamda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profisit bilan ijro etildi.
Shuningdek, yig`ilishda hisobot davrida Davlat byudjetining ijrosini ta`minlashda asosiy e`tibor ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga, ya`ni ta`lim, sog`liqni saqlash, aholini maqsadli ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, byudjetdan mablag` oluvchilarning ish xaqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar hamda boshqa birinchi darajali to`lovlarni o`z vaqtida moliyalashtirishga, Davlat byudjetining g`azna ijrosini va samaradorligini ta`minlashga qaratilganligi ta`kidlab o`tildi.
Ularning umumiy harajatlardagi ulushi 2013 yilda 58,7 foizdan ortiqni, byudjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar bir yilda o`rtacha 20,8 foizga, aholining real daromadlari 16,0 foizga o`sganligi, joriy yilning birinchi choragida ijtimoiy soha va aholini maqsadli ijtimoiy qo`llab-quvvatlash xarajatlari umumiy xarajatlarda 58,5 foizni, aholining real daromadlari esa 12,8 foizga o`sganligi alohida e`tirof etildi.





