Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug`i bilan Nogironligi bo`lgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda nogironligi bo`lgan shaxslar band bo`lgan ish o`rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestasiyadan o`tkazish natijalari bo`yicha sanitariya-texnik holatni pasportlashtirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.
Nogironligi bo`lgan shaxslar band bo`lgan ish o`rinlarini attestasiyadan o`tkazish Ish o`rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestasiyadan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, nogironligi bo`lgan shaxslar band bo`lgan ish o`rinlarini attestasiyadan o`tkazish doirasida:
• nogironligi bo`lgan shaxslarning ishlashi uchun maxsus moslamalar mavjudligi, ishlab chiqarish xonalari nogironlik aravachalaridan foydalanuvchi shaxslar, ko`rish qobiliyati xiralashgan va eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar uchun tegishli qurilmalar bilan jihozlanganligi, shuningdek ish mebelining antropometrik talablarga muvofiqligi baholanadi;
• attestasiya komissiyasi har bir ana shunday xodimga guruhlar va nogironlik sabablari bo`yicha belgilangan tartibda (tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan) berilgan hujjatlar va ma`lumotnomalarni tayyorlashi shart.
Uning natijalari bo`yicha tashkilotning attestasiya komissiyasi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadigan pasportni tuzadi. U titul varaq, 4 ta jadval va bitta ma`lumotlar shaklidan iborat bo`lib, ular quyidagilar to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga oladi:
• tashkilotning nomi va manzili, idoraviy mansubligini ko`rsatgan holda (titul varaq);
• tashkilot xodimlari, shu jumladan ayollar va barcha guruhdagi nogironlar;
• nogironligi bo`lgan shaxslarning ehtiyojlari uchun moslashtirilgan sanitariya-gigiena, yordamchi xonalar va jihozlar, shuningdek ular uchun yaratilgan qulayliklar;
• nogironligi bo`lgan shaxslarning mehnatidan foydalaniladigan bo`linmalar (sexlar), ixtisoslashtirilgan joylar soni va mehnat sharoitlarini ko`rsatgan holda.
Pasportga ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi – ish o`rnida mehnatning amaldagi sharoitlari, belgilangan kafolatlar va preferensiyalar to`g`risidagi ma`lumotlar, shuningdek ushbu ish o`rnida mehnat sharoitlarini yaxshilash bo`yicha tavsiyalar mavjud bo`lgan hujjat ilova qilinadi.
Hujjat 17.03.2018 yildan kuchga kirdi.






