Bo`lib o`tajak Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi hind OAV nigohida

Siyosat 25.03.2018, 22:16
Bo`lib o`tajak Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi hind OAV nigohida

Mamlakatimiz poytaxtida bo`lib o`tadigan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya hind ommaviy axborot vositalarida ham keng sharhlanmoqda.

Masalan, yaqinda “Political Events” axborot-tahliliy jurnali sahifasida ushbu mavzuga bag`ishlangan salmoqli maqola bosilib chiqdi. Unda, jumladan, Afg`onistonda tinchlik va barqarorlik o`rnatilishiga ko`maklashish yo`li bilan mintaqaviy xavfsizlikning mustahkamlanishi O`zbekiston tashqi siyosatida o`ta muhim ustuvorlik bo`lib qolayotgani ta`kidlangan.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent barcha xalqaro va mintaqaviy forumlarda afg`on zaminida mustahkam tinchlik ta`minlanishi masalalariga alohida e`tibor qaratadi. O`zbekiston poytaxtida Afg`oniston bo`yicha nufuzli forumning tashkil etilishi bu yo`nalishda tashlangan muhim amaliy qadam hisoblanadi.

So`ngra nashr oldinda turgan xalqaro konferensiyaning maqsad va vazifalari, unga taklif etilgan ishtirokchilar hamda kutilayotgan natijalar haqidagi ma`lumotlarni jurnalxonlarning e`tiboriga havola qiladi. Yangi formatdagi “Markaziy Osiyo + Afg`oniston” hamkorligi birinchi yig`ilishining o`tkazilishi tadbirning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.

Maqola muallifi bo`lajak konferensiya afg`on muammosini tinch yo`l bilan hal etishga ko`maklashish bo`yicha mintaqaviy va xalqaro konsensusning mustahkamlanishiga ko`maklashishi yuzasidan komil ishonch bildirgan.

“DiplomacyIndia” axborot portali ushbu mavzuga murojaat qilar ekan, Toshkent forumi fevral oyi oxirida Afg`oniston poytaxtida o`tkazilgan “Kobul jarayoni”ning mantiqiy davomi bo`lib qolishini qayd etgan. Maqolada Toshkent konferensiyasi tinch afg`on muzokaralarining boshlanishi uchun mustahkam zamin qo`yishga da`vat etilgani alohida ta`kidlangan.

“The Economic Times”gazetasi, “Daily World”, “Sarkaritel”, “Aninews” singari internet portallari va boshqa nashrlar ham Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasiga bag`ishlangan materiallarni o`z o`quvchilarining e`tiboriga havola qildi. Ularda oldinda turgan forumning turli qirralari ochib berilgani barobarida O`zbekiston afg`on muammosini tinch yo`l bilan hal qilish jarayonlarining faol ishtirokchisi bo`lib qolayotgani alohida qayd etilgan.

“Jahon” AA,

Dehli

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1