Akademik liseylarga umumiy o`rta ta`lim maktablari o`quvchilarini tanlab olish, o`qishga qabul qilish, ularning o`qishini ko`chirish tartibi to`g`risida nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori (VMQ-212, 23.03.2018 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar berildi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan akademik liseylarga o`quvchilarni tanlab olish quyidagi bosqichlarda:
- psixologik-pedagogik jihatdan rivojlanishga tashxis qo`yish (dastlabki tanlov);
- saralash imtihonlari (test yoki ijodiy) orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalar, fan olimpiadalari III bosqichida 1—5-o`rinlarni egallagan 9-sinf o`quvchilari saralash imtihonidan ozod etiladi va qabul kvotasidan tashqari akademik liseyga qabul qilinadi.
O`qishni bir akademik liseydan boshqasiga ko`chirish yozgi ta`til davrida amalga oshiriladi.
O`quvchi o`quv dasturi va o`quv rejasi talablarini bajarmaganligi, doimiy yashash uchun boshqa hududga chiqib ketganligi va boshqa shu kabi sabablarga ko`ra o`qishdan chetlashtirilishi mumkin.
Nizomga ko`ra, akademik liseylar bitiruvchilarining oliy ta`lim muassasiga o`qishga kirishi ko`rsatkichlariga muvofiq tizimida akademik liseylar mavjud bo`lgan tegishli oliy ta`lim muassasalari rektorlari, tegishli prorektorlar hamda akademik liseylar direktorlari, mas`ul xodimlari va professor-o`qituvchilariga nisbatan rag`batlantirish yoki intizomiy jazo choralari qo`llaniladi.
Bunda intizomiy jazo qo`llanilgan rahbar xodimlarga nisbatan keyingi o`quv yili davomida ish haqiga ustama belgilashga yo`l qo`yilmaydi.






