AsosiyJamiyat

Toshkent aeroporti hududi “kirkash”lardan tozalandi

'Toshkent aeroporti hududi “kirkash”lardan tozalandi'ning rasmi

Toshkentga kelgan mehmonlarni aeroport tashqarisida kutib turuvchi xususiy taksichilar mijozlarni me`yoridagidan bir necha barobar yuqori narxlarda manzilga eltishga odatlangani, ba`zida ish firibgarlik darajasigacha etib borgani haqida ko`plab e`tirozlar bo`layotgani xabarlar tarqagan edi. Bunday holatni ko`rsatuvchi videolavhalar internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, ko`pchilikning muhokamasiga sabab bo`lgandi.

Bundan tashqari, noqonuniy kirakashlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan fuqarolarning o`zini tutishi, kiyimi, muomalasi, madaniyati, uning boshqaruvida bo`lgan avtoulovning texnik va gigienik holatini xam talab darajasida deb bo`lmaydi.

Uzoq yo`ldan charchab kelayotgan odam xali aeroport hududidan chiqmasidan “taksi kerakmi, falon so`mga olib borib qo`yaman” deya, uning qo`lidagi yukiga yopishib, har tomonga tortqilash, xatto mijoz talashib bir-birlari bilan yoqa bug`ishlar esa yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlarda yoqimsiz taassurotlar qoldirishi tayin.

Bunday noxush holatlarga barxam berish maqsadida Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshiriladigan bo`ldi. Jumladan, aeroport binosiga avtomashinalari belgilangan talablar asosida jihozlangan, xaydovchilari xushmuomala, toza va ozoda kiyimda bo`lgan taksi xizmati ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun maxsus joylar ajratildi. Taksi korxonasi nomi, xizmatlar narxi haqidagi o`zbek, rus va ingliz tillarida ma`lumotlar joylashtiriladi. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi tomonidan ma`lum qilindi.

Endilikda poytaxtimizga uchib kelgan mexmonlar, aeroport xududidan chiqmasdan turib o`zlariga ma`qul bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlarining sifatli xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladilar.

Shuningdek, avtomobil transportida yo`lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug`ullanish xolatlariga barham berish maqsadida, Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda aeroport hududidagi avtomobillar to`xtash joylariga noqununiy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari haqida eslatma tarzidagi axborot stendlari joylashtirildi.

Aeroport hududiga kirish nazorat punktiga, hududga kirib-chiqayotgan avtomobillarning davlat raqamlarini hamda avtoulov xaydovchisining yuzini qayd etuvchi, yo`lovchilarni kutish va kuzatish joylariga noqonuniy yo`lovchi tashish xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarning xatti-harakatlarini yozib olishga mo`ljallangan videokameralar o`rnatildi.

Mazkur videokameralar yordamida olingan tasvirlar asosida huquqbuzarlarning avtoulovlari davlat raqamlari ro`yxati shakllantiriladi hamda Ichki ishlar vazirligining ma`lumotlar bazasi yordamida huquqbuzarlarning shaxsi va yashash manzili aniqlanadi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan huquqbuzarlar bilan profilaktik tadbirlar o`tkazilib, tadbirkorlik sub`ekti sifatida ro`yxatdan o`tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma`muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi batafsil tushuntirilib, rasmiy ogohlantirish xati beriladi.
Agar shundan keyin ham huquqbuzarlik holatlari qayd etilsa, ularga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 176-3-moddasiga asosan, eng kam ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Mamlakatimizda bugungi kundagi eng kam oylik ish xaqi 172 240 so`m ekanligini hisobga olsak, jarima miqdori 3 444 800 so`mdan 17 224 000 so`mni tashkil etishi ma`lum bo`ladi.

Shuningdek monitoring natijalariga ko`ra aniqlangan huquqbuzarlar haqidagi ma`lumotlar matbuot nashrlarida e`lon qilib boriladi.

Albatta bunday choralar ko`rilishi, kimnidir jazolash uchun qilanayotgani yo`q. Ko`zlangan asosiy maqsad, kelayotgan xorijiy mehmonlar va sayohlar, qolaversa mamlakatimiz aholisi xavfsizligini ta`minlash, ularga zamon talablariga mos, sifatli transport xizmatlarini ko`rsatish orqali yurtimiz obro`sini yanada ko`tarish xisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar