Namangan viloyati Pop tumanidagi «Pillakash» mahallasi, G`uncha ko`chasi, 5-uyda istiqomat qiluvchi Ahrorjon Mamanazarov to`g`ri yo`ldan adashib, turli buzg`unchi oqimlar ta`siriga qo`shilib qolganida 25 yoshda edi, deb yozadi O`zA. 1999 yilda hibsga olinib, 16 yil umri qamoqda o`tdi. Qilmishidan pushaymon bo`ldi. Umri besamar o`tganini kech bo`lsa-da angladi. Bugungi kunda xatolarini ezgu amaliy ishlari bilan oqlashga harakat qilmoqda. Bunga mahalla-ko`y yaqindan yordam beryapti.
Hovlisida sholini oqlaydigan va bug`doy tegirmonlarini o`rnatdi. Bundan olinayotgan foyda hisobidan 13 sotixli tomorqasida plyonka ostida 47 ming to`p tarvuz, 5 ming dona bodring ko`chati parvarishlamoqda. Ko`chatlar sotuvidan 7,6 million so`m daromad olishini xomcho`t qilgan. Tomarqadagi 20 to`p bodom, 10 to`p gilos qiyg`os ochilgan.
– Oliy ma`lumotli injener dasturchi edim, – deydi A.Mamanazarov. – To`g`ri yo`ldan adashib, hayotimni o`z qo`lim bilan barbod qilganim etmaganday, ortimda qolgan yaqinlarim ham jabrini ko`rishdi. Qilmishlarim tufayli 40 yil davomida o`qituvchilik qilgan otam maktab direktorligidan bo`shatilgani etmaganday, sog`ligi ham yomonlashdi. Oilamiz el nazaridan chetda qolib ketgandi. Yurtboshimizning oqilona siyosati tufayli bu dardu stamlar ortda qoldi. Mahalla-ko`y har kuni hol so`rashadi, ko`maklarini ayashmaydi. Prezident vakillari xonadonimizga kelib, yashash sharoitlarimiz bilan tanishayaptilar.
Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining 3-guruhi Mamanazarovlar xonadonida bo`lishganida oiladagi ma`naviy muhit faollarni quvontirdi.
Halol mehnat va ezgu amallari bilan davlatga xizmat qilishni maqsad qilgan A.Mamanazarov mahallada do`kon ochib, kitoblar savdosini yo`lga qo`ydi. Do`konda badiiy asarlar qatorida dehqonchilik, bog`dorchilik, asalarichilik, tomorqa madaniyatiga oid qo`llanmalar va ko`rgazmali materiallar ham bor.
A.Mamanazarov ishchi guruhiga kam rentabelli erlardan olib, yong`oq va bodom ekishni maqsad qilayotganini aytdi. Halol tadbirkor degan sharafli nom ortidan borayotgan ishbilarmonning taklifi tuman hokimligi mutasaddilariga etkazildi.






