Pillachilik tarmog`ini yanada rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori (PQ–3616, 20.03.2018 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Qaror bilan Qishloq xo`jaligi vazirligi tizimidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti “O`zbekipaksanoat” uyushmasi muassisligida muassasa shaklida qayta tashkil etilib, uning moliyalashtirish manbalari belgilab berildi.
“O`zpaxtasanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlarga qarashli ipak qurti boqishga mo`ljallangan inshootlar “O`zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga tekin foydalanish huquqi asosida o`ttiz yildan kam bo`lmagan muddatga foydalanish uchun berildi.
Tutzor maydonlarida yangi quriladigan va ipak qurti boqishga mo`ljallangan inshootlar er solig`i, mulk solig`i, yagona er solig`i hamda qishloq xo`jaligi va o`rmon xo`jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o`rnini qoplash bo`yicha to`lovlardan;
“O`zpaxtasanoat” AJ tomonidan tekin foydalanish huquqi asosida “O`zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi tashkilotlarga foydalanish uchun berilgan ipak qurti boqishga mo`ljallangan inshootlar er, mulk va ijarachining ijara haqi hisoblanadigan foyda solig`idan ozod etildi.
Qaror bilan shuningdek yangi tut plantasiyalarini barpo etish parametrlari tasdiqlandi.
Xususan, hozirda mavjud 43 332 gektar tut plantasiyasiga qo`shimcha ravishda joriy yil davomida yana 6 430 gektar maydonda yangi tut plantasiyalari barpo etiladi va 306 ta ipak qurti boqishga mo`ljallangan inshootlar quriladi.
Mazkur kanal ma`lumotlaridan foydalanishda unga havola qilinishi shart.






