Qozog`istonda halok bo`lgan O`zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelindi. Bu haqda FVV xabar berdi.
23 mart kuni soat 16:20 da Qozog`istonning Qarag`anda viloyati Abay tumani hududida joylashgan «Karabas» temir yo`l stansiyasida O`zbekiston fuqarosi, 1980 yili tug`ilgan R. Satimova temir yo`l kesishmasidan o`tayotgan vaqtda yuk poezdi uni urib ketishi natijasida, voqea joyida vafot etgan edi.
O`zbekiston FVV va Tashqi ishlar vazirligi bilan olib borilgan hamkorlikdagi harakatlar natijasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni o`tkazilgandan so`ng 26 mart kuni soat 17:30 da halok bo`lgan ayolning jasadi «G`ishtko`prik» o`tkazish punktiga olib kelinib, kutib olindi va FVV xodimlari kuzatuvida Sog`liqni saqlash vazirligining maxsus avtomobilida Andijon viloyati Oltinko`l tumaniga qarindoshlariga topshirish va dafn etish uchun olib ketildi.






