Qozog`iston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Serikbay Oraz O`zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda diniy bayramlar sanalarini bir xillashtirish (unifikasiya qilish) masalasi muhokama qilindi.
“Xalq so`zi” nashri bildirishicha, yakunda ikkitomonlama memorandum imzolandi.
“Taraflar diniy sanalar (ro`za, Qurbon Hayit va boshqalar)ni Hijra yili, ya`ni musulmonlar oy taqvimi bo`yicha nishonlash, shuningdek, bugungi kun diniy masalalari bo`yicha umumiy qarorlar, fatvolara chiqarish lozim deb hisoblaydi”, — deyiladi memorandum matnida.
“Bizda shu paytgacha diniy bayramlar sanasi bo`yicha farqlanishlar bor edi. Mazkur kamchilikni to`g`rilash uchun biz o`zaro hamkorlik bo`yicha memorandum imzoladik. Memorandum doirasida umumiy fatvolar chiqaramiz va hozirgi davr dolzarb masalalari bo`yicha birgalikda qarorlar qabul qilamiz”, — deydi muftiy Serikbay Oraz ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.
O`zaro imzolangan mazkur hujjat doirasida ikki davlat fuqarolariga ushbu mamlakatlar hududida joylashgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoniyati taqdim etiladi.






