Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekiston hukumatining olti nafar vijdon tutqunini ozod qilish haqidagi qarorini olqishlaydi, deyiladi AQShning O`zbekistondagi elchixonasi e`lon qilgan bayonotida.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda 6 nafar mahbus — jurnalist G`ayrat Mixliboev, inson huquqlari faollari Yo`ldosh Rasulov, Cho`yan Mamatqulov, Qudrat Rasulov hamda opa-singil Mehriniso va Zulxumor Hamdamovalar ozod etilgan.
Bayonotda Qo`shma Shtatlar O`zbekiston hukumatining inson huquqlarini himoya qilish borasidagi masalalarni hal etish va mahbuslarni ozod qilish orqali fuqarolik jamiyatini faollashtirishga qaratilgan choralarini ma`qullashi bildirilgan.
"Biz milliy islohotlar dasturi va taraqqiyot maqsadlarini ilgari surish maqsadida O`zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati o`rtasida sermahsul aloqalarni yo`lga qo`yish bo`yicha kelgusi qadamlarga chaqiramiz", — deyiladi bayonotda.






