Oila institutini mustahkamlash sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha maxsus o`quv kurslari tashkil etish to`g`risidagi Hukumat qarori (VMQ-230, 26.03.2018 y.) qabul qilindi. Bu haqda dliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram-kanalida ma`lum qilindi.
Qarorga ko`ra yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o`rgatish, ajrashishlarning oldini olish hamda oiladagi ma`naviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida o`quv kurslari tashkil etiladi.
Maxsus o`quv kurslarida o`quv mashg`ulotlarini o`tkazish uchun soatbay haq to`lash sharti bilan etakchi ta`lim, tadqiqot va ilmiy muassasalarning xodimlari, shuningdek amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirishning tasdiqlangan rejasiga kiritilgan va maxsus o`quv kurslariga o`qishga yo`llangan tinglovchilarning asosiy ish joyi bo`yicha o`rtacha oylik ish haqi o`qish davrida saqlanib qoladi.
Malaka oshirish uchun maxsus o`quv kurslariga yuborilgan boshqa shaharlik tinglovchilarga to`lanadigan sutkalik pul va ta`lim olish joyiga bir marta borib kelish bo`yicha sarflangan xarajatlar ularni yuborayotgan tomon hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.
Maxsus o`quv kurslari tashkil etish uchun Qorakalpogiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tibbiyot kasb-hunar kollejlaridan ijara to`lovining “nul” qiymati bo`yicha, tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplash shartisiz o`quv xonalari ajratib beriladi.






