Prezidentning 13.02.2018 yildagi F–5214-son farmoyishiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi soliq yukini kamaytirish, QQS stavkasini pasaytirish, qator soliqlar va majburiy to`lovlarni birxillashtirish hamda bekor qilish, shuningdek soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Soliq tizimini tubdan isloh qilish bo`yicha konsepsiya loyihasini tayyorladi, deb yozadi Norma.
So`nggi yillarda respublikamizda soliq tizimi va soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirishga doir qator chora-tadbirlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, soliq tizimi va soliq ma`muriyatchiligining hozirgi ahvoli hali erkin bozor iqtisodiyoti prinsiplariga javob bermaydi, biznes zimmasida katta soliq yuki saqlanib qolayotgani, ko`p sonli soliqlar va ularni ma`muriylashtirish taomillarining murakkabligi sababli iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermayapti.
Soliq yukining yuqori darajasi kapitalning xufiya oborotga olib chiqilishiga sababchi bo`lmoqda. Kichik va yirik biznes sub`ektlari o`rtasida soliq yuki darajasidagi salmoqli tafovut (o`rta hisobda 3-4 baravar) ishlab chiqarishning kengaytirilishiga va tadbirkorlik sub`ektlarining yiriklashishiga to`sqinlik qilmoqda.
QQSning yuqori stavkasi va undirish tizimining murakkabligi soliq to`lovchilarning oborot mablag`lari tortilishiga, oraliq va pirovard iste`mol mahsulotlari qiymati qimmatlashishiga, yirik va kichik biznes o`rtasida samarali kooperasiya mavjud bo`lmasligiga olib kelmoqda.
Yuridik shaxslar mol-mulkiga soliq solishning amaldagi tizimi ishlab chiqarish kapital inshootlari va infratuzilmasiga investisiyalarga g`ov bo`lmoqda, salmoqli kapital talab etadigan tarmoqlarga xarajatlar oshirilishiga olib kelmoqda.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlarga soliq solish tizimining takomillashmaganligi mehnatga haq to`lash fondi pasaytirilishiga va, oxir-oqibat, xufiya maosh to`lash sxemalari qo`llanilishiga olib keladi.
Samarasiz soliq ma`muriyatchiligi umuman Davlat byudjeti daromadlari darajasiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Amaldagi tizimning shu va boshqa ko`plab kamchiliklari respublikamizning investision jozibadorligiga jiddiy putur etkazadi, boisi aksariyat investorlar nazarida O`zbekiston soliq qonunchiligi normalari tushunarli bo`lishini, sog`lom raqobatni, soliq ma`muriyatchiligi ochiq-oshkoraligini, soliq yukining maqbul darajasini va investorlar huquqlari himoyalanishi kafolatlarini ta`minlamayapti.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi joriy yil 29 martda «O`zekspomarkaz» MKM AJda Konsepsiya loyihasining jamoatchilik muhokamasini tashkil etmoqda. Tadbir soat 10:00 da boshlanadi.
Soliq solish sohasidagi ekspertlar, biznes-hamjamiyatlar, OAV, xalqaro moliya institutlari, diplomatik korpus vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar taklif etiladi.
Loyiha O`zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e`lon qilindi.