Poyaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da O`zbekistonda yig`ilgan “KAMAZ” yuk avtomobillarining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
“O`zavtosanoat” hamda Rossiyaning “KAMAZ” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Rossiya Federasiyasining O`zbekistondagi elchixonasi, turli vazirlik va idoralar, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
“O`zavtosanoat” boshqaruvi raisi U.Salimov, "KAMAZ" kompaniyasi Bosh direktori S.Kogogin, "UzAutoTrailer" MChJ Bosh direktori A.Hojiboev va boshqalar so`nggi yillarda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichda jadal rivojlanayotgani siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar mustahkamlanishida, har ikki davlat manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalarning hayotga izchil tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta`kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi chog`ida O`zbekistonda "KAMAZ" yuk avtomobillarini yig`ish bo`yicha kelishuvga erishilgani ana shunday istiqbolli loyihalardan biri bo`ldi.
Oradan hech qancha vaqt o`tmay Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi "UzAutoTrailer" MChJning ishlab chiqarish maydonida mazkur avtomobillarni ishlab chiqarish boshlandi. Ayni paytda "UzAutoTrailer" zavodida 10 dan 36 tonnagacha yuk ko`tarish quvvatiga ega 11 turdagi yuk avtomobillari yig`iladi. Mazkur avtomobillarga o`rnatilgan dvigatellar 240 dan 401 gacha ot kuchiga ega bo`lib, ular EVRO 3, EVRO 4, EVRO 5 ekologik me`yorlarga javob beradi.
Joriy yil birinchi choragida zavodda 100 dona yuk avtomobilining ilk partiyasi chiqarildi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 dona, keyinchalik ushbu ko`rsatkichni 3000 donaga etkazish rejalashtirilmoqda. Zavodda ishlab chiqarilgan yuk avtomobillarini nafaqat ichki bozorga chiqarish, balki Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilish ko`zda tutilgan.
– O`zbekistonning iqtisodiy salohiyati, yaratilayotgan qulay investisiyaviy muhit, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga berilayotgan katta imtiyozlar ko`plab xorijiy ishbilarmonlarni, investorlarni qiziqtirayotgani shubhasiz, – deydi S.Kogogin. – Biz hamkorligimiz yanada kengayishiga, birgalikda tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar olib chiqishimizga ishonamiz.
Taqdimot doirasida O`zbekistonda yig`ilgan "KAMAZ" yuk avtomobillarining turli modellari namoyish etildi. Shuningdek, xalqaro "Dakar" ralli-marafonining 15 karra g`olibi, "KAMAZ-Master" jamoasining afsonaviy sport yuk mashinasi yig`ilganlarda katta taassurot qoldirdi.