EasyJet aviakompaniyasi xodimlari britaniyalik, oyog`i falajlangan teleboshlovchi Sofi Morganni bo`m-bo`sh samolyot bortida unutib qoldirishdi, deb xabar berdi lenta.ru nashri.
33 yoshli teleboshlovchi samolyot Londonning Gatvik aeroportiga qo`ngandan keyin aviakompaniya xodimlarini 40 daqiqa kutishga majbur bo`ldi. Styuardessaning aytishicha, aeroport xodimlaridan biri teleboshlovchining nogironlik aravachasini olib tushib ketganligi bois kutishiga to`g`ri kelgan.
Morgan kutish davomida bekor o`tirmay, samolyotning bo`m-bo`sh salonida tushgan suratlarini Twitter sahifasiga joylashtirgan.
“EasyJet bortida 40 daqiqa davomida yolg`iz qoldim... hatto uzr ham so`rashmadi. Xodimlar juda qo`pol ekan”, deb surat tagiga izoh qoldirdi Morgan. Aeroport va aviakompaniya xodimlari shundan keyin ayoldan kechirim so`rashdi. Morgan ularga javoban bunday ko`ngilsiz hodisalar aviakompaniya uchun odatiy hol ekanligini bildirdi.






