AsosiyJamiyat

Buxoroda “Lochin” brendi ostida yuk motosikllari ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi

'Buxoroda “Lochin” brendi ostida yuk motosikllari ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi'ning rasmi

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Vuxara Real Moto” mas`uliyati cheklangan jamiyatida “Lochin” brendi ostida yuk motosikllari ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Loyiha tashabbuskori bino va inshootlarda 2 milliard so`mlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirib, sexlar xorijiy investor tomonidan 700 ming dollarlik zamonaviy innovasion texnologik uskunalar bilan jihozlandi. Undagi barcha texnologik jarayonlar avtomatlashtirilgan bo`lib, kompyuter asosida boshqariladi.

Yig`iladigan shosse, bort, ressor va boshqa qismlar korxona sexlarida tayyorlanmoqda.

Yuk motosikllariga mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida ham talab katta. Ular qishloq xo`jaligi mahsulotlari, jumladan, issiqxonalarda etishtiriladigan bodiring va pomidorlarni tashishda tirkagichli texnikalarga nisbatan qulayligi, kam yonilg`i sarf qilishi va boshqa jihatlari bilan ancha ustun.

Yurtimizda hozirga qadar asosan yuk motosikllari valyuta hisobiga xorijdan olib kelinardi. Mana endi bunga hojat qolmaydi. Ular o`rnini bir tonnagacha yuk ko`tarishga mo`ljallangan “Lochin”larimiz egallaydi. Bu motosikllar chetdan xarid qilinadiganlardan arzon. Xorijiy valyuta ham cho`ntakda qoladi. Demak, fermer va dehqon xo`jaliklari uchun juda qulay, ya`ni hamyonbop. Ayni paytda yuk motosikllari yurtimiz bozorlariga chiqarilmoqda.

Buxoro “Lochin”lari xorij bozorida raqobatbardosh chiqib qoldi. Bunga korxonaning tantanali ochilish marosimida Rossiya Federasiyasi ishbilarmonlari vakillari ham ishtirok etgani yaqqol dalil.

Korxona rahbariyati loyihani amalga oshirish davom etayotgan bir paytda tashqi bozordagi talabni o`rganish, ya`ni marketing ishlarini ham boshlab yuborgan edi. Korxona mahsulotiga qiziqish bildirgan Rossiyadagi tadbirkorlik sub`ekti vakillari hali o`tgan yilning oxirida viloyatning olis chekka hududlaridan biri Qorovulbozor tumaniga kelib, 1000 ta yuk motosikli xaridi bo`yicha shartnoma tuzdi. Hademay, umumiy qiymati 1,4 million dollarga yaqin eksport buyurtmalarini bajarishga kirishiladi. Shuningdek, korxona tashqi bozor bilan aloqalarni yangi sheriklar hisobiga yanada kengaytirish niyatida. Yaqin kunlarda Turkmanistonda bo`lib o`tadigan “Made in Uzbekictan” ko`rgazmasi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.

– Biz ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish hisobiga kengaytirish choralarini ko`rmoqdamiz, – deydi “Buxara Real Moto” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sa`dijon Vahobov. – Bundan tashqari, mahsulot assortimenti ro`yxatidan yaqin istiqbolda yopiq kabinali yuk motosikllari, boshqa motoulovlar, tomorqa erlarini o`rtacha chuqurlikda ag`daradigan haydagichlar, nogironlik aravachalari ham o`rin oladi. Ayni paytda korxonamizda 50 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga ular soni 200 ga etkaziladi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar