AsosiyJamiyat

Chustning chiqindisi Popni bulg`amoqda. Bu holatga qachongacha chidash mumkin?!

'Chustning chiqindisi Popni bulg`amoqda. Bu holatga qachongacha chidash mumkin?!'ning rasmi

«Jurnalistlar o`ta dolzarb muammoni aniqladilar, ammo mutasaddilar pinagini ham buzmadi. Buni Chust tumani hokimining kapital qurilish, kommunikasiya va obodonlashtirish masalalari bo`yicha o`rinbosari Ulug`bek Hamroxo`jaevning jurnalistlarga qarata: «Avvalo, respublika ishchi guruhining hurmati uchun kelib turibman. Ammo jurnalistlarga intervyu berishni istamayman, ana boshqalardan olaveringlar», degan iddaosi ham isbotlab turibdi», - deb yozmoqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi.

Gap shundaki, Namangan viloyatining Pop tumanidagi «Yangiobod», «Yuqori qishloq», «Yangi to`da», «Eski to`da» aholi punkti fuqarolari ichimlik suvi tanqisligidan To`dasoy soyiga oqizilayotgan chiqindi suvidan iste`mol qilishga majbur bo`lyapti. Masalaning dolzarbligi esa Chust tumani sil kasalliklari dispanserining oqova suvlari garchi xlorlanayotgan bo`lsa-da, kanalizasiya tizimi orqali shu soy suviga quyib yuborilayotganida.

«Hududimizda toza ichimlik suvi tarmog`i yo`qligi bois aholi soy suvidan iste`mol qiladi. Soyga qo`shni tumanning barcha yirik tashkilotlari va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlarining kanalizasiya suvi oqizilayotgani sababli suvning ta`mi sho`r va iste`molga umuman yaroqsiz. Chiqindixonaga aylangan soydan anqiydigan badbo`y hid bahordan to qishga qadar uzoq-uzoqlarga qadar etib bormoqda. Chustning chiqindisi Popni bulg`amoqda. Bu holatga qachongacha chidash mumkin?! Bormagan joyimiz qolmadi. Hech qanday natija yo`q. Yagona umidimiz Popni o`rganayotgan respublika ishchi guruhidan», deydi «Yangi to`da» mahallasida yashovchi pensioner Mahammadjon Hasanaliev.

Jurnalistlar ushbu muammoning kelib chiqish sabablarini o`rganishdi. Aniqlanishicha, chiqindi suvlarini biologik tozalash inshooti Chust tumanidagi Duoba qishlog`ida joylashgan «Oqovasuv» ko`p tarmoqli xususiy korxonasiga tegishli.

Korxona rahbari Murodjon Yo`ldashevning aytishicha, bino 1984 yilda qurilgan va 2000 yilga qadar «Barion» korxonasi qoshida bo`lgan. Umumiy er maydoni 0,9 gektar va quvvati sutkasiga 400 metr kubga teng.

— Nufuzli korxona bankrot bo`lgach, 2000 yil 30 dekabrda «Oqovasuv» ko`p tarmoqli xususiy korxonasi sifatida tashkil etildi, – deydi M.Yo`ldoshev. – Mana 18 yildan buyon ishlab kelayapmiz. 1 oyda 3–3,5 million so`mlik xizmatlar bajaramiz. Ammo ko`plab byudjet tashkilotlari bizga mablag` o`tkazib bermaydi. Bu erdagi harbiy qism yaxshi mijozimiz edi. Ammo 2015 yilda Harbiy prokuratura tergov qilib, qism ortiqcha byudjet mablag`laridan 17,5 million so`m to`lab yuborganini aniqlagan va buni zimmamizga yuklagan edi. Hozir 80 million so`m qarzimiz bor. 55 million so`mi ish haqidan, 13 million so`mi elektr energiyasidan, 12 million so`mi esa soliqdan shakllangan. Bir vaqtlar bu erda 22 tagacha odam ishlardi, endilikda esa 5 kishi amal-taqal qilib kun o`tkazmoqda. Bizni bu inshoatni na ta`mirlashga, na biror o`zgarish qilishga qurbimiz etmaydi. Echim uchun eng to`g`ri yo`l – uni viloyat «Suvoqova» korxonasi tarkibiga o`tkazish. To`g`ri, meni davlat sanitariya xizmati bir necha marotaba ogohlantirdi. Ammo iqtisodiy imkoniyatim bo`lmasa, nima qilishim kerak. Axir muammo xususiy emas, hudud ahamiyatiga molik. Bir necha marotaba qilgan murojaatlarimga hech bir mas`ul e`tibor qaratayotgani yo`q.

Inshoot hozirda kapital ta`mirga muhtoj bo`lib, bir necha yillardan buyon ta`mirlash ishlari o`tkazilmagan. Quvurlar eskirib chirib ketgan. Hozirgi kunda chiqindi suvlar birlamchi hovuzlarda tindirilmayapti. Xlor bilan to`liq zararsizlantirilmasdan to`g`ridan-to`g`ri hududdan oqib o`tgan ochiq suv havzasiga tashlab yuborilmoqda. Aslida bu umuman mumkin emas. Tozalangan chiqindi suvlari quvur orqali sug`orish maydonlariga tashlanishi lozim. Bu maqsad uchun qurilgan 1 km. uzunlikdagi quvurlar chirib-yorilib qo`rqinchli holatga kelib qolgan. Suv tortish nasoslari umuman yo`q bo`lib ketgan.

— Biz bu erda doimiy monitoring o`tkazib turamiz, — deydi Chust tumani Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Zayniddin Anorqulov. – Inshootga sutkasiga taxminan 1000-1500 metr kub suv tushayotganini aniqlaganmiz. Bu belgilangan me`yoridan 4–4,5 barobar ko`p bo`lib, chiqindi suvlarini to`liq biologik tozalash ishlari o`tkazilmayapti. Boz ustiga inshoatda xlor zaxirasi yo`q. Oqibatda ochiq suv havzasiga quyib yuborilayotgan chiqindilar taxminan 4–5 km. masofa hududdan oqib o`tib, Katta Farg`ona kanali va Sirdaryo suv havzalarini ifloslantirmoqda. Aholi o`rtasida yuqumli va parazitar kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo`lyapti. Markazimiz laboratoriyasida tekshiruvlar o`tkazilganda suv tarkibidan yuqumli ichak kasalliklarini keltirib chiqiruvchi mikroblar borligi aniqlangandi. Eng yomoni, Chust tumani sil kasalliklari dispanseri oqova suvi ham garchi xlorlanayotgan bo`lsa-da, shu kanalizasiya tizimiga qo`yilmoqda va oxir-oqibat u soy suviga quyib yuborilmoqda. Biz bu haqda tuman prokuraturasi va hokimligini, yuqori turuvchi tashkilotimizni muntazam xabardor qilib, qat`iy nazoratga olish va amaliy ishlar ko`rish bo`yicha xatlar kiritganmiz. Natija esa hamon yo`q.

O`zi shu soy suvidan ichib ko`rmagan hokim o`rinbosari, janob Ulug`bek Hamroxo`jaev dastlab jurnalistlarga ko`rsatgan «hurmati»dan keyin masala mohiyatini tushunganday bo`lib, biror tayinli ish qilgan-qilmagani yoki taklifi haqida so`zlab berdi:

— Tumandan sutkasiga 1500-2000 kub metr chiqindi suvlari chiqayapti. Hammasi shu erga kelib to`planadi. Viloyat «Suvoqova» tashkiloti mazkur ob`ektni o`z tarkibiga olishi uchun xususiy korxonaning mavjud qarzdorligidan chiqarish zarur bo`lyapti. Ushbu muammoni hal qilish yuzasidan 5 milliard 746 million so`mlik taxminiy loyiha qilganmiz (loyiha Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi ishchi guruhining ogohlantirishidan keyin zudlik bilan bajarilgan – tahririyat). Buncha qimmat loyihani o`z imkoniyatimiz bilan qila olmaymiz. Vaholanki, sal teparoqda 1978 yilda qurilishi chala qolib ketgan bino turibdi. Yaponiyaning «Jayka» tashkiloti vakillari bu binolarni kelib, ko`rib ketishdi. Agar mablag` ajratishsa, oqova suvlarning tozalash tizimini o`sha joyda qurganimiz maqsadga muvofiq. Unda kuniga 10 ming kub metr chiqindini tozalash imkoniyati paydo bo`ladi.

Ko`rinib turibdiki, mahalliy ma`muriyat mablag` etishmasligini ro`kach qilmoqda va shu vaqtgacha amaliy ishku mayli, ammo jo`yali bir taklif bildirgani haqida so`zlab bera olmaydi. 5,7 milliard loyihani kompyuterda tayyorlab berish oson, ammo bu ob`ekt atrofida yashayotgan odamlarning og`irini engil qilish uchun nima ish bajarishni poytaxtdan keladigan ishchi guruhi ko`rsatib berishi kerakmi? Nahotki bu global muammoga sektor rahbarlari panja ortidan qarab kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar