1

Sergelida “Yoshlarning Innovasion g`oyalari yarmarkasi” bo`lib o`tdi

Jamiyat 28.03.2018, 17:24
Sergelida “Yoshlarning Innovasion g`oyalari yarmarkasi” bo`lib o`tdi

Bugun poytaxtimizning Sergeli tumanida “Yoshlarning Innovasion g`oyalari va texnologiyalarini qo`llab-quvvatlash yarmarkasi” tashkil etildi.

“O`zikkilamchiranglimetall” AJ, Yoshlar Ittifoqi Toshkent shaxar kengashi, Artel kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko`rgazma tumandagi “YOSHLAR SPORT CITY” sport majmuasining ochilishi marosimi bilan hamohang tarzda o`tdi.

Mahalliy aholining sport bilan shug`ullanishi uchun sharoit yaratish maqsadida “O`zikkilamchiranglimetall” AJ tomonidan qurib bitkazilgan mazkur majuada 100 ga yaqin mamlakatimiz yoshlari o`zlarining innovasion g`oyalari bilan ishtirok etishdi.

Ko`rgazma korxonalar, ilmiy tashkilotlar va oliy ta`lim muassasalari o`rtasida o`zaro manfaatli munosabatlarni o`rnatish, yoshlarning yangi ilmiy va amaliy ishlanmalarni namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat bo`ldi. Tadbirni o`tkazishdan asosiy maqsad yoshlarning ilmiy tadqiqot va innovasion faoliyatini rivojlantirish, innovasion texnologiyalarga qiziqishi baland bo`lgan yoshlarni kashf etish va ularning yangi, raqobatbardosh innovasion g`oyalarini hayotga tadbiq etishga safarbar etishdan iborat bo`ldi.

Ko`rgazma yakunida barcha ishtirokchilarga tashakkurnomalar, eng yaxshi innovasion g`oya mualliflariga esa homiylarning qimmatbaho sovg`alari topshirildi.

Ko`rgazma doirasida tadbirkor va yoshlar o`rtasida taqdim etilgan qiziqarli innovasion ishlanmalarni kelgusida hayotga tadbiq etish bo`yicha kelishib olindi.

Tadbir bayramona tarzda tashkil etilib, unda tashrif buyurgan mehmonlarga ko`k somsa, osh, sumalak kabi milliy taomlar tortildi hamda o`zbek estrada vakillarining konsert dasturi taqdim etildi.

Foto: Askar Yakubov suratga olgan.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1