Ashxobodda Made in Uzbekistan milliy sanoat ko`rgazmasi ish boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mazkur ko`rgazma Turkmanistonda O`zbekiston milliy sanoat mahsulotlari va investisiyaviy salohiyatini namoyish etish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan tijoriy-sheriklik shartnomalari tuzish, ishbilarmon doiralarni yurtimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Unda O`zbekistonning barcha hududlaridan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Ikki blokdan iborat yarmarka pavilonlarida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan keng turdagi sanoat mahsulotlari, jumladan, to`qimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, maishiy texnika, qurilish mollari va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Ko`rgazma doirasida O`zbekiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralarining biznes-forumini tashkil etish rejalashtirilgan. Uning doirasida qiymati bir necha million dollarga teng eksport shartnomalari imzolanishi mo`ljallanmoqda.






