O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o`rtasida «Fuqarolarning o`zaro safarlari to`g`risida»gi Bitim (Dushanbe, 9.03.2018 yil) e`lon qilindi, deb yozadi Norma.
Ma`lumot uchun: Bitim Prezidentning 14.03.2018 yildagi PQ–3604-son qarori bilan tasdiqlandi va mamlakatimiz uchun 19.03.2018 yildan kuchga kirdi. Ilgariroq o`zbek-tojik chegarasidagi o`tkazish punktlari o`z ishini tikladi.
Avvalgi ahdlashuvlar doirasida quyidagilar ikkala mamlakat hududida 30 sutka davomida bo`lishi mumkin edi:
- amaldagi diplomatik pasportlar egalari;
- rasmiy davlat va hukumat delegasiyalari tarkibida boruvchi fuqarolar;
- xizmat safarlarini amalga oshiruvchi muayyan darajadagi mansabdor shaxslar (O`zbekiston tomonidan – vazir o`rinbosarlari va xizmat maqomiga ko`ra ularga tenglashtirilgan shaxslar, viloyatlar hokimlari o`rinbosarlari, respublika va viloyat bo`ysunuvidagi tumanlar, shaharlar hokimlari va ularning o`rinbosarlaridan quyi lavozimda bo`lmaganlar).
Yangi tartibga ko`ra O`zbekiston va Tojikistonning barcha fuqarolari tegishli hujjatlari mavjud bo`lganda (quyidagi jadvalga qarang) 30 sutkagacha muddatga kirishlari, chiqishlari, tranzit o`tishlari va vaqtincha bo`lishlari mumkin. Davlatlarimizning chegaraoldi tumanlarida amal qilgan alohida rejim va bo`lish muddati bekor qilindi.
O`zbekiston fuqarolarining kirishi, chiqishi va Tojikiston hududi bo`ylab harakatlanishi uchun hujjatlar | Tojikiston fuqarolarining kirishi, chiqishi va O`zbekiston hududi bo`ylab harakatlanishi uchun hujjatlar |
O`zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti (biometrik namunadagi) | Tojikiston Respublikasining diplomatik pasporti (biometrik namunadagi) |
O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik namunada bo`lmagan, 1.07.2018 yilgacha amal qiluvchi pasporti (faqat O`zbekiston Respublikasiga qaytish uchun) | Tojikiston Respublikasining diplomatik pasporti (1.02.2022 yilgacha) |
O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti | Tojikiston Respublikasining xizmat pasporti (biometrik namunadagi) |
Xorijga chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti (1.01.2019 yildan boshlab) | Tojikiston Respublikasining xizmat pasporti (1.02.2022 yilgacha) |
O`zbekiston Respublikasiga qaytish uchun sertifikat (faqat O`zbekiston Respublikasiga qaytish uchun) | Tojikiston Respublikasining umumfuqaro xorijiy pasporti (biometrik namunadagi) |
Tojikiston Respublikasining umumfuqaro xorijiy pasporti (1.02.2022 yilgacha) | |
Tojikiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma |
Xizmat vazifalari bo`yicha kelgan fuqarolarni vaqtincha propiska qilish va ro`yxatdan o`tkazish jadvalda ko`rsatilgan hujjatlar, shuningdek xizmat va xizmat safari guvohnomalari asosida boj va yig`imlarni undirmay amalga oshiriladi.
Bu – muhim! 30 sutkadan ortiq muddatga kirish va mamlakatda bo`lish uchun viza rasmiylashtirish kerak. Ko`p martalik kirish-chiqish vizalarini rasmiylashtirganlik uchun konsullik yig`imi miqdori o`zgarmadi: 6 oygacha – 10 AQSh dollari, 1 yilgacha bo`lsa – 20 AQSh dollari. Bunda quyidagilar konsullik yig`imi to`lashdan ozod qilinadi:
- fan, texnika, ta`lim, madaniyat, san`at va sport sohasida ayirboshlash tartibida boruvchi shaxslar;
- Ulug` Vatan urushi faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1 va 2-guruh nogironlari – tegishli guvohnomalarni taqdim etganda;
- 16 yoshgacha va 60 yoshdan oshgan fuqarolar;
- taklif etuvchi o`quv muassasalarining iltimosnomalari asosida o`quv muassasalarida, kurslarda ta`lim oluvchilar.






