Nusratullo Ahmedov hamda Odina Rahmonalievaning nikoh to`yiga qatnashgan mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi vakillari shunday fikrga kelishdi.
Pop tumanidagi “Olmazor” mahallasida yashovchi Bahodir Ahmedov hamda Ergashali Rahmonaliev farzandlarining to`yini, garchi iqtisodiy imkoniyatlari etsa-da, bugungi talablarga mos ravishda ortiqcha dabdabalardan holi ixcham o`tkazdilar, deb yozadi O`zA.
So`nggi paytlarda kelin uyida o`tkazilishi urfga aylangan “qizlar bazmi” bo`lmadi. To`y kuni nahor oshi o`tkazilmadi. Avvalgi 10-12 ta qimmatbaho xorij avtomobil kortejlari o`rniga o`zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy 2 ta engil mashina yoshlarni to`yxonaga olib keldi. Davrada o`ynaganlarga kamida 100 tacha beriladigan latta-lutta yoki biror bir sovg`a – “sargardon” degan odatga yo`l qo`yilmadi. Dasturxon ham kamtarona bezatildi. Spirtli ichimliklar tortilmadi. Mahalliy san`atkor ham o`zaro kelishuv asosida arzon narxda xizmat qildi. “Birrovchi”lar taklif etilmadi.
Bir kechalik to`ydan millionlar tejab qolindi. Xo`sh, bu pul yangi qurilgan oila iqtisodiyotiga kirsa, yosh kelin-kuyovning keyingi ehtiyojlariga ishlatilsa, kimga foyda. Avvalo ularning o`zlariga. Zero, to`y degani bu hali oilaviy hayot emas, uning boshlanishi demakdir. Barcha resurslarni bir kunlik tadbirga ishlatib qo`yib, keyin attang qilish yaramaydi.
Quvonarlisi, ixcham to`y afzalliklarini ota-onalar, ayniqsa, ayollarimiz tushunib etishmoqda.
– Qudalar bilan kelishgan holda kelin olib keladigan mebellardan voz kechdik, – deydi yigitning onasi Muharram Ergasheva. – To`ydan keyin tejaladigan pullardan farzandlarimizning o`zlari olishar. 4 nafar farzandimiz bor. Nusratullo uchinchi o`g`lim. Bu gal to`y ancha engil va oson o`tdi. Menga kelinning boyligi emas, oqilaligi kerak. Baxt moddiy boylikda emas, ma`naviy boylikda.
– Farzandlarimizning ko`zlaridagi quvonchini ko`rib, boshim osmonga etdi, – deydi qizning onasi Orzixon Mirzahmedova. – O`zim uzoq yillar o`qituvchi bo`lib ishlaganman. Bir o`g`lim, ikki qizim bor. Yashirmayman, pensiyaning cho`g`i baland emas. Katta qizimizni uzatayotganimizda yor-birodarlardan ancha qarz ko`targandik. Uzoq vaqt umrimiz qarz to`lash bilan o`tdi. Bu galgi to`yni o`tkazishda bemalol o`zimizning qurbimiz etdi. Buning uchun. Avvalo, Yurtboshimizga rahmat, odilona siyosat olib borayaptilar.
Shu kuni to`y kechki soat 16:00dan, 19:00gacha davom etdi.






