Kecha Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)da “Oracle Academy”ning ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda "Xalq so`zi" nao`ri ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, “Oracle Academy” — AQShning dasturiy ta`minot ishlab chiqaruvchi “Microsoft”dan keyingi ikkinchi o`rinda turadigan yirik “Oracle” kompaniya tomonidan o`qituvchilarning o`qish va ishlashiga tayyorgarlik ko`rish uchun maktablarda, kollejlarda va universitetlarda talabalar uchun axborot texnologiyalarini uzluksiz o`rganish uchun barcha zarur resurslarni taqdim etish uchun mo`ljallangan ta`lim tashabbusi hisoblanadi.
Har yili “Oracle Academy” kurslarida 120 mamlakatdagi 3,5 million nafardan ortiq talaba ta`lim oladi. “Oracle Academy” dasturlari yoshlarga haqiqiy hayotga tayyorgarlik ko`rish va zamonaviy global iqtisodiy sharoitlarda ishlashga yordam beradi.
Yoshlar “Java Fundamentals”, “Java Foundations”, “Java Programming”, “Database Foundations”, “Database Design and Programming With SQL”, “Programming with PL/SQL, APEX – Application Development Foundations” kabi eng mashhur akademik kurslarda bepul ta`lim o`qishlari mumkin. Ma`ruza va mustaqil o`qish, amaliy mashg`ulotlar, bilimlarni nazorat qilish, kurs loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish ularning orasidan joy olgan.
Har bir keyingi kurs oldingisining mantiqiy davomi va uni o`rganishni boshlash uchun axborot texnologiyalari(AT) sohasida bilimlarga ega bo`lish shart emas. Kurslarning davomiyligi 90-180 soatni tashkil etadi. Kurslar akademik dasturga kiritilishi mumkin, ular aniq ilmiy maqsadlarni o`z ichiga oladi va ko`plab amaldagi xalqaro standartlarga va imtihonlarga javob beradi.
IUT rektori Sarvar Babaxodjaev qayd etganidek: “Oracle” kompaniyasi Toshkent shahridagi Inha universitetida o`z akademiyasini ochganidan xursandmiz. “Oracle Academy” kurslari yoshlarga o`z faoliyatlarini qurish uchun o`zlarining malaka va ko`nikmalarini oshirishga yordam berishiga ishonchimiz komil”.
Tadbir doirasida universitetda “Oracle Academy Student Day” tadbiri bo`lib o`tdi. Unda “Oracle Academy” dasturining rahbarlari Rossiya/MDH mintaqasidagi “Oracle” kompaniyasi tomonidan ta`lim muassasalariga taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib berishdi. Talabalar O`zbekistondagi mehnat bozori talablari bilan tanishdilar, shuningdek, “Axborot xavfsizligi asoslari” haqidagi taqdimotini tingladilar. Ma`ruzada talabalar axborot xavfsizligini ta`minlashning asosiy prinsiplari, shuningdek, kompyuterni o`rganish texnologiyalaridan foydalanish va ularga hujumlarni o`z vaqtida aniqlash va ularga javob berish kabi yangi yo`nalishlar haqida ma`lumotlar berildi.
“Oracle” kompaniyasi sherigi “Jet Infosystems” kompaniyasi vakillari O`zbekistondagi mehnat bozori talablari haqida gapirib, AT sohasida muvaffaqiyatli ish olib borish uchun zarur bo`lgan bilim va ko`nikmalarga e`tibor qaratdilar.
“Oracle Academy Student Day” tadbirida Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 150 nafardan ortiq talabalari ishtirok etdi.