Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining nodavlat qismini rivojlantirishga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O`zarxiv” agentligi tomonidan tashkil etildi. “O`zarxiv” agentligi bosh direktori A.Abdullaev 2010 yil 15 iyunda qabul qilingan “Arxiv ishi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimiz arxiv muassasalari faoliyatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berayotganini ta`kidladi. Ayni paytda mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan ettita arxivda nodavlat tashkilotlari, muassasalari va korxonalarining hujjatlari saqlanmoqda. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 oktyabrda qabul qilingan “Arxiv ishi bo`yicha me`yoriy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida”gi qarori arxivlar faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar o`z hujjatlarini saqlash uchun kutubxonalar, muzey va davlat arxivlariga topshirishi mumkin. “O`zarxiv” agentligi ma`lumotlariga ko`ra, Milliy arxiv fondining nodavlat qismini takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Arxivlar qimmatli ma`lumotlarni o`z ichiga olgan yangi fond va hujjatlar bilan to`ldirilmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti.





