Toshkent viloyati IIB Yo`l-harakati xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmatining O`zAga bergan xabariga ko`ra, 29 mart kuni mahalliy hokimliklar, O`zbekiston avtomobil transporti agentligi vakillari bilan hamkorlikda viloyat hududidagi yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi transport vositalari haydovchilari va mas`ul xodimlari ishtirokida profilaktik suhbatlar tashkil etildi.
Unda yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi transport vositalari ishtirokida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yo`l-transport hodisalarining oldini olish, yo`lovchilarga transport xizmati ko`rsatishda haydovchilar madaniyatini yuksaltirishga asosiy e`tibor qaratildi.
Shu kuni avtomobil yo`llarida nazorat reydlari ham o`tkazildi. Natijada 57 yo`lovchi tashuvchi transport vositalari haydovchilari tomonidan turli ko`rinishdagi yo`l harakati qoidabuzarliklari aniqlanib, haydovchilarga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.






