31 mart kuni "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasining Parij-Samarqand qatnovida Fransiyaning Il-de-France hududi turagentlari uyushmasi (EDV) vakillari Samarqand va Buxoroda 31 mart — 3 aprel kunlari bo`lib o`tadigan sayyohlik konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdilar.
"Samarqand" xalqaro aeroportida fransiyalik mehmonlarni shahar ma`muriyati, "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi xodimlari, O`zbekiston turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi hamda respublika ommaviy axborot vositalari vakillari karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olishdi.

EDVning joriy yildagi sayyohlik konferensiyasini O`zbekistonda o`tkazish hamda Fransiyalik turoperatorlar uchun mamlakatimiz bo`ylab info-tur tashkil etish haqida o`tgan yilning sentyabr oyida "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi va O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi vakillarining Il-de-France turagentlari uyushmasi prezidenti bilan Parijda bo`lib o`tgan uchrashuvi chog`ida kelishib olingan edi.

2017 yilning oktyabrida EDV rahbarlari yurtimizga tashrif buyurib, "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi tomonidan tashkil etilgan info-tur bo`yicha O`zbekiston bo`ylab sayohat qildilar.
EDVning mamlakatimizda bo`lib o`tadigan konferensiyasida Fransiyaning 100 dan ortiq sayyohlik sohasi vakillari — Ile-de-France sayyohlik agentliklari (Kuoni, Salaun, Club Midiya, Verdi Voyages) vakillari, hamkor kompaniyalar (Amadeus, Hertz, Avis va boshqalar), mashhur fransuz ommaviy axborot vositalari (Le Figaro, Tourism TV, Echo Touristique, Le Quotidien du Tourisme) muxbirlari, shuningdek, O`zbekistonning etakchi sayyohlik kompaniyalari va agentliklari ishtirok etadi.

Ushbu turistik forum hamda uning doirasida O`zbekiston tarixiy shaharlari bo`ylab tashkil etilgan sayohat mamlakatimiz sayyohlik salohiyati va "O`zbekiston havo yo`llari" MAK xizmatlarini Fransiya sayyohlik xizmatlari bozorida targ`ib qilishda yana bir qadam bo`ldi.
Ta`kidlash joizki, hozirgi vaqtda "O`zbekiston havo yo`llari" milliy aviakompaniyasi O`zbekiston va Fransiya poytaxtlari o`rtasida muntazam yo`lovchi qatnovlarini, shuningdek, Parijdan diyorimizning tarixiy shaharlari Samarqand va Urganchga to`g`ridan-to`g`ri qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Ma`lumot uchun: Ile-de-France - Fransiyaning iqtisodiy, madaniy va kuchli sayyohlik salohiyatiga ega mintaqasi hisoblanadi. Uning hududida 900 dan ortiq sayyohlik agentliklari faoliyat yuritadi.






