AsosiyJamiyat

So`qir so`qmoqlardan asralgan qizlar

' So`qir so`qmoqlardan asralgan qizlar'ning rasmi

Yuzlari sutga chayilgandek tiniq, yulduzdek chaqnoq ko`zlari uyat va xijolatdan ma`yus tortgan ikki qiz... O`zlari tushunib-tushunmay qo`l urgan qilmishi qanchalik katta xato ekanini anglaganida pushaymonlik o`ti ularning ich-etini kuydira boshladi. Agar xotin-qizlar qo`mitasi kafilligi bilan imkoniyat berilmaganida ayni balog`at yoshida bu qizlarning taqdiri chalkash so`qmoqlarga tutashar, hayoti ostin-ustun bo`lib ketardi.
Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Yangibozor” va Bobur Mirzo mahallalarida istiqomat qilayotgan Fotima Ibragimova (18 yoshda) hamda Xumora Yusupova (21 yoshda) tushunmovchilik sabab yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida “Go`zallik saloni”dan yasama kiprik, yasama tirnoq va yana bir qator pardoz ashyolarini olib, yashirib qo`yishdi. Voqea bunday bo`lgandi: tog`asiga qarashli “Go`zallik saloni”da ishlayotgan Xumora atrofidagilar uni ishdan ketkazishga harakat qilayotganini sezib qoladi. Issiq joyini sovutgisi kelmagan qiz, pardoz ashyolarini yashirib qo`ysam, bu ishni mendan emas, menga qarshi bo`layotganlardan ko`rishadi, deb o`ylaydi. Bu ishga Fotimani ham tortadi. Ular bu qilmishni o`g`rilik deb baholanishini, ish sudgacha borishini o`ylab ham ko`rmagan edi.
Davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida xotin-qizlar qo`mitalari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga shaxsan javobgar ekani belgilab qo`yilgani Xumora va Fotima singari adashgan qizlar hayotini to`g`ri yo`lga solishda o`z aksini topmoqda.
– Qizlarimizning ikkalasi ham jinoyat ko`chasiga kiradiganlardan emas, ularni o`zingiz ko`rib turibsiz, – deydi Xumora Yusupovaning yon qo`shnisi Shoira Botirova kuyunchaklik bilan. – Bu ish qiziqqonlikda qilingan xato. O`sha kunlari Xumoraning yurish-turishida bezovtalikni sezib qoldim. Nima bo`lganini so`rasam, aytgisi kelmadi. Onasi rahmatli yaxshi ayol edi. Umri qisqa ekan, qizlari ayni bo`yga etgan paytda, saraton xastaligi bilan olamdan o`tdi. So`nggi nafasigacha yonida bo`lganman. “Har qancha mehribon bo`lsa ham dadasi erkak kishi, ko`chaning odami. Qizlarimga o`zingiz ko`z-quloq bo`ling. Ularni sizga, sizni Xudoga topshiryapman, eson-omon egalariga uzating”, deb yig`lab-yig`lab tayinlagandi. Dadasi G`anijon aka Xumorani o`qitdi, sartaroshlikni o`rganishi uchun sharoit yaratib berdi. O`zim esa bolalarimni uylab-joylab, uydagi ishlarimni kelinga topshirganman. Qo`shnim olamdan o`tgandan beri bir oyog`im shu hovlida. Xumoraning singillari Fotima va Zuhraning hayotiga ham javobgarman. Axir onasiga va`da berganman. Ammo onaning o`rni baribir bilinar ekan. Xumora menga har doim ham ichidagi gapni aytavermasdi. Ma`yusligi sababini bilish uchun ko`ngliga qo`l solsam, “yashagim kelmayapti”, dedi. Yuragim zirqirab ketdi. Nima bo`lganini ayt, deb qattiq qistovga oldim. Bilsam, dugonasi Fotima bilan o`zi ishlayotgan “Go`zallik saloni”da shu noma`qulchilikka qo`l urgan, qilgan ishidan pushaymon bo`lib, o`zini qo`ygani joy topolmayotgan ekan. Bu orada surishtiruv ishlari boshlandi. Qizlar shu darajada tushkunlikka tushishdiki, hatto hayotdan ko`ngillari sovub ketdi. Ishqilib, o`zini bir nima qilib qo`ymasin-da deb, tuni bilan mijja qoqmasdim. Prezidentimizning Konstitusiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan bo`lib o`tgan marosimda: “...odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, to`g`ri yo`lga solish emasmi? Jinoyatchilikning oldini olish emasmi?”, degan gaplarini televizorda eshitgandim. To`g`risi, shu gapga umid bog`lab, qizlarni yonimga oldim-da, Bekobod tumani hokimi o`rinbosari, tuman xotin-qizlar qo`mitasi raisi Yoqutxon Mo`minovaning qabuliga otlandim. U qayoqqadir shoshib turgan ekan. Shunday bo`lsa-da, yo`l ustida, hokimlik idorasi hovlisida arzimizni eshitdi. Qizlar adashib, o`g`rilikka qo`l urganini aytyapman-u, qilg`ilikni qilganidan keyin jazosini ham oladi-da, deb jerkib tashlamasaydi, degan hadik bor ichimda.
Chunki shu paytgacha davlat idoralarida ishlayotgan rahbarlar haqida shunaqa fikrda yurardik-da. Yoqutxon opa qizlar bilan gaplashdi. Voqea tafsilotini so`rab-surishtirdi. Xumoraning onasi olamdan o`tgani, Fotimaning onasi ham bemorligi sabab onalik vazifasini to`laqonli bajara olmasligini eshitib, bunday vaziyatlarda xotin-qizlar qo`mitasi kafilligi bilan jazoni engillatish imkoniyati borligini tushuntirdi. Ko`nglimiz xotirjam bo`ldi. Ko`p o`tmay, mahallamiz hududidagi maktabda shu ish bo`yicha ochiq sud o`tkazilishi belgilanganini eshitdik. Xumora bilan Fotimaning tag`in dardi dunyosi qorong`i bo`ldi. “Bizni maktabda sud qilishsa, singillarim bu isnodni qanday ko`taradi”, deb yig`laydi tushkunlikka tushib qolgan Xumora. Bu yoqda sovchilar so`rab turishibdi...
Bobur Mirzo va “Yangibozor” mahallalari maslahatchilari Saida Mirzaeva va Manzura Sagatova bilan maslahatlashib yana Yoqutxon opa Mo`minovaga murojaat qildik. U jonimizga oro kirdi. Qizlarning kelgusi taqdiri, uka-singillari sha`nini o`ylab, sud majlisini tor doirada mahalla idorasida o`tkazishga sudyani ko`ndirdi. Manzura Sagatova, Saida Mirzaeva, Tabassumxon Ahmedova hamda o`zim ularning tarbiyasiga mas`uliyatni zimmamizga oldik.
Xumoraga yuzlanaman. Tiniq, oq-sariq yuzida xijolatlik, pushaymonlik akslanadi.
– Qilgan ishimizdan afsusdamiz, – deydi nigohlari bilan er chizib. – Yoqutxon opa onam yo`q, onam meni himoya qila olmaydi deb o`kinmanglar, biz sizlarga onalik qilamiz, dedilar...
Qizning ko`zlaridan duvillab yosh quyildi. Boshqa gapirolmadi.
Fotimani savolga tutaman:
– Qaerda o`qiysan, qizim?
– Hech qaerda o`qimayman. Maktabda 4-sinfgacha o`qidim. Keyin o`qishni davom ettirishga imkoniyatim bo`lmadi. Ishlashimga to`g`ri keldi. Onamning ahvoli og`ir. Opam turmushga chiqqan, o`zidan ortmaydi. Ukam hali yosh. Onam bilan ukamni kam-ko`stiga, ro`zg`orga o`zim qarashim kerak.
– O`qishni istamaysanmi?
– Istayman. Ammo men ishlamasam onam bilan ukamning ahvoli nima kechadi?..
– Otang qaerda?
Bu savolim Fotimaga biroz malol keldi. Qult etib yutindi. Indamay qoldi.
– Otasi oilasini tashlab ketgan, – deya suhbatimizga qo`shildi “Yangibozor” mahallasi maslahatchisi Manzura Sagatova. – Biz Fotima bilan juda ko`p suhbatlashamiz. Tez-tez uylariga boraman. Oilasi ijtimoiy himoyaga muhtoj. Ro`zg`orning butun yukini juda kichkinaligidan shu qiz o`z zimmasiga olgan. Yaqinda otasidan xabar keldi. Insult bo`lib, kasalxonaga tushib qolibdi. Nima bo`lsa ham otasi ekan-da, uning dori-darmoniga ham qarashyapti. Kiyim-kechagini yuvib-tarab, og`ziga yoqadigan tansiq osh-ovqatni olib borishga harakat qilyapti. Har nima bo`lsa ham qiz bola otasiga mehribon bo`larkan...
Hali murg`akligida 10 yoshidayoq ro`zg`or yukini elkasiga olgan, bu yo`lda mehnatdan aslo bo`yin tovlamagan, ba`zi erka qizlar kabi ko`ngli tusagan taomini eb, istagan kiyimini kiymagan Fotimani zimdan kuzataman. Lablari titrab ketyapti. Yig`lab yuborarmikan, deb o`ylayman. Yo`q. U o`zini tezgina qo`lga oldi. Ko`zida aylanayotgan yoshni dadil sidirib tashladi.
– Hozir qaerda ishlayapsan?
– Shu erda, mahallamizda. Xumora opamning dadasi G`anijon akaning novvoyxonasi bor. Unga qarashyapmiz. Hali non yopishga o`tmadim-u, lekin zuvala qilib, non yasashni uddalayapman.
“Bu qizlarning kelajagi nima bo`ladi? Bu yog`iga qanday ish bilan shug`ullanishadi”, degan savolimga Bobur Mirzo mahallasi maslahatchisi Saida Mirzaeva shunday dedi:
– Xumoraning qo`lida hunari bor. Imtiyozli kredit olib, go`zallik saloni ochish bo`yicha biznes-reja tayyorlayapti. Ish boshlasa, Fotimani ham yoniga olishni niyat qilgan. Unga sartaroshlikni o`rgatmoqchi, ikkalasi shu sohada birgalashib ishlashadi.
Ushbu maqolamiz bilan qizlarning qilmishini muhokama qilish fik­ridan yiroqmiz. Zero, ikkisi ham pushaymonlik yog`ida qovirilayotgani, hayotda ruhan qiynalgani, biri onasidan erta judo bo`lib, o`ziga ma`naviy dalda beradigan suyanchiq topolmagani, ikkinchisi, murg`akligidayoq hayot sinovlariga duch kelib, juda katta iroda bilan ro`zg`or yukini ortmoqlab yashayotgani ayni haqiqat. Tuman xotin-qizlar qo`mitasi va mahalla fuqarolar yig`ini kafilligi asosida to`g`ri yo`lni topishlari uchun berilgan bu imkoniyat esa ularda atrofdagilarga ishonch hissini uyg`otganini sezish qiyin emas.
Yaxshiyam xalqimizda qo`ni-qo`shnichilik, mehru-oqibat kabi qadriyatlar bor. Shoira opa Botirova Xumoradagi tushkunlikni ilg`amaganida, uni qo`lidan etaklab, umid yo`liga olib chiqmaganida nima bo`lardi?
– Qizlarning bu xatosi (jinoyati deyishga til bormaydi) kechirilgani juda yaxshi bo`ldi. Aks holda buning ortidan yana qancha jinoyatlar, ko`ngilsizliklar yuz berishi mumkin edi. Mana shunday taqdirlarni oldindan ko`ra bilgan, xotin-qizlarga, yoshlarga to`g`ri yo`lni topib olish uchun imkoniyat berayotgan Prezidentimizga ming rahmat, – deydi Shoira opa Botirova.
Mening ko`z oldimdan esa Xumoraning uyat va pushaymonlik tepchib turgan chehrasi, Fotimaning atrofdagilar mehridan ko`ngli yumshab, lablari titrab turgan qiyofasi ketmaydi. Oramizda shunday taqdir egalari – hayot yo`lining avvalida javdirab turganlar bor. Ular mehr va e`tiborga, xotin-qizlar qo`mitalari, mahalla fuqarolar yig`inlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqining daldasi va ko`magiga muhtoj. Azizlar, shunday taqdirlarga befarq bo`lmaylik.


Hamroxon MUSURMONOVA

"Oila va jamiyat" gazetasidan olindi.

    Boshqa yangiliklar