AsosiyJamiyat

Aeroport xodimlari nega kulib turmasligi sababi aytildi (foto)

'Aeroport xodimlari nega kulib turmasligi sababi aytildi (foto)                                                                        'ning rasmi

29-30-31 mart kunlari Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mita tomonidan jurnalistlar uchun media-tur tashkil etildi.

Media turning ilk kunida DXX Chegara qo`shinlari tarixi muzeyi bilan tanishtirildi. Ushbu muzey 2015 yil ochilgan bo`lib, uning vitrinalaridan qadimiy mudofaa devorlari, kuzatuv minoralari, qurol-aslahalar, askarlarning ko`rinishlari haqidagi eksponatlar joy olgan. Shuningdek, chegara qo`shinlarining mustaqillik davrida erishgan yutuqlari, faxriylari, xizmat vaqtida halok bo`lganlar, nashrlari, ko`krak nishonlari haqida so`zlovchi ma`lumotlar stendi ham joylashtirilgan.

MA`LUMOT UChUN: Hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasi davlat chegarasining umumiy uzunligi 7 120,99 km.ni tashkil qiladi, shundan:
Qirg`iziston – 1476,12 km;
Qozog`iston – 2356,31 km;
Turkmaniston – 1831,49 km;
Tojikiston – 1314,07 km;
Afg`oniston – 156,0 km.
O`zbekistonda 6 ta mintaqaviy chegara qo`shinlari shtablari bor. Bular: Sharq, Toshkent, Markaz, Janub, Janubiy g`arb, Shimoliy g`arb.

Jurnalistlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara-diviziya faoliyati bilan ham tanishtirildi

— Hozirda haftada 150 doimiy reyslar amalga oshirilmoqda, - deydi DXX Chegara nazorati boshqarmasi boshlig`i Sobir O`rinboev. — Aeroportdagi pasport nazorati punktida 50 ish joy yaratilgan. Hozirda ularning sonini yanada ko`paytirish rejalashtirilmoqda. Xodimlarimizdan o`ta ziyraklik, hushyorlik va ruhshunos bo`lish talab etiladi. So`nggi oylarda Toshkent xalqaro aeroportidagi noqulayliklar, sharoitlar OAVda tez-tez tanqid qilindi. Shundan so`ng aeroportda bir qancha ijobiy o`zgarishlar amalga oshirildi. Qizil va yashil yo`lak, pasport nazorati punktlarining ko`paytirilgani shular jumlasidan. Tanqidlar orasida “aeroport xodimlari tabassum qilmaydi, hushmuomala emas...”, degan gaplar ham bor. Bunga javob sifatida shuni ta`qidlashni istardim: nazoratchi xodim 2 daqiqa ichida har bir yo`lovchining shaxsini, maqsadlarini anglab olishi kerak. Bir so`z bilan aytganda, ular Vatani ostonasiga kimni kirgizishni yoki kimni kirgizmaslikni hal qiladi. Zimmasidagi mana shu mas`uliyat sabab ham ular jiddiy ko`rinadilar.
S.O`rinboevning so`zlariga ko`ra, aeroportda davom etayotgan islohotlar natijasida yo`lovchilarning tirbandliklariga barham berilmoqda. Hozirda yo`lovchilar yarim soatga qolmay aeroportni tark etishyapti.

Jurnalistlar shu kunning o`zida Moskva shahriga uchayotgan 234 nafar yo`lovchilarning kuzatilish jarayoniga guvoh bo`lishdi. Pasport nazorati punktida 14 nafar xodim xizmat ko`rsatyapti. Hujjatlarida hech qanday kamchiliklari bo`lmagan yo`lovchilar 3 daqiqaga qolmay o`tkazilyapti.

Shuningdek, jurnalistlar Toshkent xalqaro aeroporti yonida qurilayotgan yangi terminalni ham borib ko`rishdi.

Ma`lum bo`lishicha, yo`lovchilarga tezkor xizmat ko`rsatish maqsadida bu erda 24 ta pasport nazorati punktlari va 4 ta yuk o`tkazish yo`lagi bo`ladi. Ularning har birida bagaj qaysi parvozga taaluqli ekanligigi ko`rsatiladi. Aeroportning me`moriy echimiga ham katta e`tibor qaratilyapti. Milliy uslubdagi ustunlar va naqshlar bilan bezatilyapti. Xalqaro yo`nalishlarga xizmat ko`rsatuvchi terminal 1 soatda 500dan ortiq yo`lovchi qabul qilishi mumkin. Milliy aviakompaniya yangi terminalda bir necha innovasion loyihalarni ishga tushirishni hamda WiFi aloqasi sifatini yaxshilashni rejalashtirgan. Yangi terminal tez orada ishga tushiriladi.

FOTO: Aleksandr Suchkov

    Boshqa yangiliklar