Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mita tomonidan jurnalistlar uchun media-tur tashkil etilgani haqida avval xabar qilgandik.
Media-turning ikkinchi kunida dastlab DBQning Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasiga tegishli “G`ishtko`prik” chegara bojxona kompleksi faoliyati bilan tanishtirildi. Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston-Qozog`iston davlat chegarasida joylashgan mazkur kompleksdan hozirda kuniga 30 mingacha yo`lovchilar o`tkazilmoqda. Dam olish kunlari ularning soni 35-40 mingacha bo`lyapti. Sababi Qozog`iston fuqarolari hordiq chiqarish, davolanish maqsadida O`zbekistonga kelishmoqda.
Ma`lumot uchun: Respublikada 69 ta chegara o`tkazish punktlari faoliyat yuritmoqda. Ulardan 49 tasi xalqaro, 14 tasi ikki tomonlama, 6 ta soddalashtirilgan (38 ta avtoyo`l, 18 ta temir yo`l, 12 ta aviasion, 1 ta daryo porti).
2017 yil mobaynida o`tkazish punktlaridan jami 22 mln.dan ortiq fuqarolar o`tkazilgan bo`lib, shulardan 7 mln.ga yaqin chet el fuqarolari.
920 mingdan ortiq transport vositasi ko`rikdan o`tkazilgan, shulardan 400 mingdan ziyod chet el transport vositalari.
2018 yilning birinchi choragida nazorat o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston fuqarolari hamda chet eli fuqarolarining kirib chiqishi 2017 yilning birinchi choragi bilan taqqoslaganda ko`paygan.
Respublikadagi jami chegara o`tkazish punktlarida sutkasiga 120 mingdan ortiq fuqarolar harakatlanadi. Shundan 30 minggi “G`ishtko`prik” kompleksiga to`g`ri keladi.
Mazkur kompleksda fuqarolar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan: ona va bolalar xonasi, paynet, internet xizmatlari va hakozo. Kelgusida sayyohlik firmalari uchun o`z xizmatlarini yo`lga qo`yishlariga imkoniyat yaratish ko`zlangan.
— Joriy yildan boshlab fuqarolarga engillik yaratish maqsadida yangi qarorlar qabul qilindi. Unga ko`ra, davlat chegarasidan o`tayotgan fuqarolar 5 ming AQSh dollarigacha valyuta olib chiqishi mumkin. Yo`lovchi bojxona deklarasiyalarini to`ldirish ham bekor qilindi. Avallari deklarasiya to`ldirishga 5-6 daqiqa vaqt sarflanardi. Chet el fuqarolari 300 AQSh dollarigacha valyuta va tovarlarni olib kirishlari mumkin. Avval bu me`yor 10 AQSh dollari edi, - deydi Bojxona xizmati mayori Habibulla Rasulov.

“G`ishtko`prik” majmuasi yaqinda zamonaviy rentgen apparati bilan ta`minlandi. Leytenant Jasur Sobirovning so`zlariga ko`ra, u yirik hajmdagi yuklarni qisqa fursatda o`lchashga, skaner qilishga mo`ljallangan. Bu chegarani kesib o`tish jarayonini yanada tezlashtiradi. Ilgari bunday uskunalar kichik hajmda bo`lib, katta hajmdagi yuklarni birdan tekshirish imkoni yo`q edi. Unda yukning qadog`ini ochib, ichini birma-bir ko`zdan kechirish kerak bo`lardi. Endilikda qadog`ini buzmasdan ham ichki holatini bemalol kompyuter ekranida ko`rish mumkin.


Joriy yilning 5 yanvar kuni “Toshkent – Chimkent – Toshkent” xalqaro yo`nalishida ilk avtobus qatnovi yo`lga qo`yilgandi. Mazkur avtobus “G`ishtko`prik” va Qozog`istonning “Ipak yo`li” chegara nazorati postidan o`tadi.
Ayni paytda avtobuslarning soni 10 ta bo`lib, 5 tasi O`zbekiston, yana shunchasi Qozog`iston tomonidan ajratilgan. Kuniga 10 reys qatnov amalga oshirilmoqda. Media-tur ishtirokchilari avtobus va uning yo`lovchilari, qo`shni mamlakatga chiqib ketayotgan hamda O`zbekistonga kirib kelayotgan avtomobillarni nazoratdan o`tkazish jarayoni bilan yaqindan tanishtirildi.

Shu kuni jurnalistlar Toshkent-Termiz yo`nalishi bo`ylab O`zbekiston va Afg`oniston chegarasiga harbiy samolyotda uchib ketishdi.







