30 mart. Chirchiq harbiy aerodromidan havoga ko`tarilgan Airbus C295W harbiy samolyoti tushdan so`ng Termiz aeroportiga kelib qo`ndi. DXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mita tomonidan tashkil etilgan media-tur ishtirokchilari bu erdan Termiz chegara postiga yo`l olishdi.
O`zbekiston bilan Afg`oniston chegarasi 156 km.ni tashkil etadi. Termiz chegara hududiga kelgan jurnalistlar ana shu chegaramiz qanday qo`riqlanishini o`z ko`zlari bilan ko`rishdi, hatto ma`lum vaqt o`zlari ham qo`riqlashdi...
Vatanimiz sarhadlarini qo`riqlayotgan chegara qo`shinlari faoliyatini jonli ko`rsatish uchun Chegara buzg`unchisini ushlash operasiyasi tashkil qilindi. Chegara buzg`unchisini ushlashda chegarachilar qidiruvdagi rejaga asosan harakatlanishadi. 156 km. masofadagi nazorat iz yo`lagi (eni 8 metr) 2000 yillardan so`ng yangi tizimda kompyuterlashtirilgan. Bunda kichik bir jism simga tegilsa ham chegara postiga ogohlantiruv signali boradi. Shundan so`ng dastlab chegara katerlari “sirena” ovozini yoqib etib kelishadi, ular buzg`unchining daryo yo`li orqali qochib ketmaslik choralarini ko`rishadi, ya`ni yo`lini yopishadi. Birozdan so`ng qo`riqlash postidan ham shaxsiy tarkib etib keladi. Qisqa aytganda, buzg`unchi to`rt tomondan qurshab olinadi. Albatta, bunday paytda chegara buzg`unchisi jim turmaydi, yo qochishga, yo yashirinishga urinadi. Biroq chegarachilar ularni topmaguncha tinchishmaydi. Qo`riqlash itlari yordamida oyoq izlari orqali topishga erishiladi.
Aytish joizki, chegara buzilganligi haqida “signal” bo`lishi bilan postda kim nima ish qilayotganidan qat`iy nazar etib kelishlari shart. Shuningdek, tutash bo`lgan qo`shni chegara postidan ham qo`shimcha kuch etib keladi.
Bir Orol borki...
O`zbekistonda yagona – Payg`ambar oroli Amudaryo o`zanida joylashgan. Manbalarda orolning maydoni taxminan 4 ming gektar, uzunligi 8, eni 5-6 kilometr ekani qayd etiladi.
Payg`ambar oroli bilan bog`liq ko`plab rivoyat, afsonalar etib kelgan. Rivoyat qilishlaricha, Islomgacha bo`lgan payg`ambarlardan biri, o`zining jasadini vafotidan keyin qayiqqa solib, daryoga oqizib yuborishlarini va qaysi qirg`oqqa kelib to`xtasa, o`sha erda dafn etishlarini vasiyat qiladi. Lekin qayiq daryo o`rtasiga kelib, to`xtab qoladi. Shunda mo``jiza ro`y berib, daryo tubidan orol qalqib chiqadi. Payg`ambarni mazkur orolga dafn etadilar. U Islomgacha bo`lgan yigirma besh payg`ambarlardan bo`lib Zul-Kifl – “kafolat sohibi” nomini oladi. Payg`ambar o`zining xalqini muhtojlikdan asrash ma`suliyatini olgan hamda ularga adolatli hakam bo`lish kafolatini bergan. Zul-Kifl uzoq umr ko`rgan va bergan kafolatlarini to`liq bajargan. Zul-Kifl miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashab o`tgan tarixiy shaxs hisoblanadi.
Dastavval Zul-Kifl raboti Kalif shahrida, Amudaryoning o`ng qirg`og`ida bo`lgan. XI asrda, G`aznaviylar davrida Zul-Kifl qabri orolga qo`chirib keltirilgan va maqbara bilan masjid barpo etilgan.
Media-tur ishtirokchilari ushbu masjidning gumbazini uzoqdan ko`rdilar, xolos. Chunki qo`shni Afg`onistondagi notinchlik va beqarorlik tufayli masjidga borish xavfsizlik nuqtai-nazaridan cheklab qo`yilgan.
Vatanimiz sarhadi nafaqat quruqlikda, balki suvda ham qo`riqlanadi. Maxsus katerlar chegarachilarimiz uchun ham ishxona, ham uy vazifasini o`taydi. Chunki katerga tushgan chegarachi 10-15 kunlab tunu kun shu erda bo`ladi. Ular uchun dam olish kuni, bayram kuni kabi tushunchalar yo`q. Mana buni haqiqiy fidoiylik, desak mubolag`a bo`lmas. Zero, ularning bu fidoyiligi evaziga biz xotirjam dam olamiz, miriqib bayram qilamiz!
OAV xodimlariga katerlarda Amudaryo bo`ylab suzishga ham imkon berildi.
Media-turning ikkinchi kuni shu bilan yakun topdi, desak yanglishamiz. Ikkinchi kun uchinchi kunga ulanib ketdi, desak to`g`ri bo`ladi. Jurnalistlar tungi soat 4:00da postdagi chegarachilar bilan birgalikda tungi nazoratga chiqib ketishdi. Tong sarhadda kutib olindi.
Shu qisqa vaqt mobaynida har bir jurnalist o`z Vatani sarhadini qo`riqlashga hissa qo`shdi va mana shu lahzalar har bir jurnalistda unutilmas bo`lib qolishi, shubhasiz.