Chingiz Aytmatov O`zbekistonning do`sti edi

Mutolaa 03.04.2018, 11:50
Chingiz Aytmatov O`zbekistonning do`sti edi

Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Ta`kidlanganidek, “buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg`iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o`zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O`zbekistonning ulkan do`sti edi”.

Men Chingiz Aytmatovning asarlari bilan o`quvchilik yillarimda, maktab darsligiga kiritilgan “Bo`tako`z” qissasidan keltirilgan parchani o`qib, tanishganman. Yillar o`tib asarnining to`liq matnini mutoala qilganimda ham o`sha, bolalikdagi ilk taaasurotlarim o`zgarmay qolgan.

Chingiz Aytmatov asarlarida so`z bilan ifodalab bo`lmaydigan nimadir bordek tuyulgan edi. Ayniqsa, “Birinchi o`qituvchi”ni o`qir ekanman, o`zimning ham birinchi ustozim, bizni atigi 3 oygina o`qitgan Abdulla Murodov hayolimdan o`tgan edi. Muallif bu asari orqali birinchi ustozga barcha mushtariylar nomidan haykal qo`yib ketdi. Men Chingiz Aytmatovdan o`rnak olib ustozlarim haqida kichikroq maqola yozmoqchi bo`lganman. Biroq uddasidan chiqolmaganman. Birinchi ustoz, umuman ustozlar xaqida yozishning yuki og`ir bo`larkan, ya`ni har kimning ham qo`lidan kelavermas ekan. Buning uchun Chingiz Aytmatov bo`lish kerak, degan xulosaga kelganman.

Chingiz Aytmatov o`zining ilk asarlaridayoq ijtimoiy hayotning muammolarini ochib bergan yozuvchi sifatida tanildi. U oddiy xalqning kundalik hayotini yorqin bo`yoqlarda aks ettirdi. Shu sababli ham asarlari qo`lma-qo`l bo`lib ketdi. Ko`plab xorij tillariga tarjima qilinib, badiiy filmlar suratga olindi.

To`g`risi, avval “Oq kema” qissasi asosida yaratilgan kinoni ko`rib, keyin kitobini o`qiganman. Kinorejissyor yozuvchining Issiqko`l, Ona Bug`u haqidagi ajib bir zavq bilan yozgan tuyg`ulariga ziyon etkazmagan holda asarni tasmaga muhrlagan. Kinoni ko`rib, asarni o`qib ancha vaqt o`zimga kelmay yurganman. “Nima uchun bu film televidenie orqali namoyish qilinmayapti?” degan savolni hozir o`z-o`zimga tez-tez berib turaman.

Keyinchalik Chingiz Aytmatov romanga ham qo`l urdi. Uning “Asrga tatigulik kun”, “Kunda”, “Kassandra tamg`asi” kabi romanlari o`z vaqtida mashhur va mahoratli yozuvchilar tarjimasida o`zbek o`quvchilari e`tiboriga havola etildi. “Asrga tatigulik kun” asarida manqurtlik kabi illatni jamoatchilik yodiga solib, xalqni uyg`otgani uchun ham Chingiz Aytmatovning nomi katta harflarda yozilishi kerak. Biz ulug` qirg`iz yozuvchisi (uni bir millatga mansublikda ko`rish noo`rin, balki turkiy xalqlar yozuvchisi deb atash to`g`riroq bo`ladi) asarlarini tahlil qilmoqchi emasmiz. Bunga ma`naviy haqqimiz ham yo`q. Bir o`quvchi, kitobxon sifatida adibning xalqimiz ko`nglini ko`taradigan fikrlari haqida to`htalishni lozim ko`rdik.

Davrimizning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o`laroq dunyoga kelgan “Cho`qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobi 1998 yilda kitob holatida chop qilingani adib muxlislari uchun katta tortiq bo`ldi. Kitobning ikkinchi nomi “Asr adog`ida aytilgan istig`for” bo`lib, mazkur asar insoniyatga cheksiz ishonch va mehr-muhabbat mahsulidir. 7 bobdan iborat mazkur asarning har bir bobi alohida tadqiqotga arziydi. Ayniqsa, “Xokimiyat va ma`naviyat yoki podshohlar, xonlar, qirollar, prezidentlar faoliyatiga bir nazar” bobi siyosiy sharhlovchilar tomonidan iliq kutib olindi. Unda qadimgi xukmdorlardan tortib, hozirgi davlat rahbarlari haqida mualliflarning shaxsiy fikrlari, qarashlari bayon qilinadi.

Chingiz Aytmatov O`zbekiston Birinchi Prezidenti bilan ilk uchrashuv haqida quyidagicha eslaydi: “O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan ilk bor 1990 yilda uchrashganman. O`sh fojialari esingdami? Ikki qardosh xalq o`rtasida kutilmaganda nifoq paydo bo`lishi, qon to`kilishiga men befarq qarab turolmadim…

O`sha kuniyoq Chkalov nomidagi aerodromdan bir guruh o`rtoqlar bilan harbiy samolyotda uchib ketdim. Toshkentga qo`nishimiz bilanoq men O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Odil Yoqubov bilan telefonda bog`landim. Biz uchrashdik. Tayyoragohning o`zida shoshilinch kengash o`tkazdik. Vaziyat kunday ravshan edi: ikki qardosh xalq bir-birining yoqasiga yopishib turishardi. Qarama-qarshilikni qanday qilib bartaraf etish mumkin? Kutilmaganda alanga olib ketgan nizoni qanday yo`sinda to`xtatib bo`ladi? Bizni ana shunday muammolar qiynar edi. Har bir soatda yangi xabar etib kelardi, yuraklarimiz o`rtanib, amaliy harakatga shoshilar edik.

Tez orada mening kelganimdan xabar topgan O`zbekiston rahbari Islom Karimov aeroportga etib keldi. Har doimgidek muayyan bir masalaga butun diqqat-e`tiborini jamlagan, harakatchan, g`ayratli edi. Yakkama-yakka chin dildan gaplashdik… Karimov bilan gapimiz bir joydan chiqdi. U mening fikr-mulohazalarimni batamom qo`llab-quvvatladi va samolyot zinapoyasiga qadar kuzatib qo`ydi.

Qadimdan qon-qardosh bo`lgan ikki xalq o`rtasida paydo bo`lgan nifoqni bartaraf etish borasida o`shanda Islom Karimov ulkan davlat arbobiga munosib bo`lgan aql-idrok, donolik namunasini ko`rsatdi”.

Islom Karimov bilan keyingi uchrashuv Qustanay shahridan Qirg`izistonga qaytayotib Toshkentga to`xtab o`tgan bir vaqtda bo`lgani haqida aytar ekan, Chingiz Aytmatov shularni ta`kidlaydi: “Xullas, uyga qaytayotib, yo`l-yo`lakay Toshkentga ham tushib o`tdim. Oqshom chog`i Islom Karimov bilan uchrashdik. Biz Markaziy Osiyo madaniyatining hozirgi ahvoli to`g`risida juda uzoq suhbatlashdik. Ilgari men bu kishini faqat xo`jalik ishlarining miridan-sirigacha yaxshi biladigan tajribali siyosatchi sifatida bilardim. O`sha oqshomdagi suhbatdan so`ng amin bo`ldimki, bu zot o`z xalqining, o`z davlatining tarixini teran biladigan, madaniyat va san`atning turli tarmoqlari bo`yicha chuqur tasavvurga ega bo`lgan tom ma`nodagi davlat arbobi ekan. Aynan o`sha uchrashuvimiz samarasi o`laroq Markaziy Osiyo xalqlarining Assambleyasini tuzish va yirik anjuman o`tkazish g`oyasi dunyoga keldi”.

Kitobning “Ko`zadan chiqqan bosh chanoq yoki turkiylarning tarixiga bir nazar” bobida ham qiziqarli mulohazalar bildirilgan. Adib, kamtarlik bilan malakali tarixchi emasligini, arxivlardan hujjatli dalil-dastaklar qidirmaganini, qadimiy shajaralaru solnomalarning changini yutmaganini qayd qiladi. Biroq tarixga yozuvchi nigohi bilan nazar tashlaydi. Jumladan, Amir Temur, Boburshoh, Mirzo Ulug`bek kabi sarkarda, olim, allomalar haqida iliq fikrlarni aytadi. Masalan, Oltin O`rdaning emirilishi borasida shu kungacha tarixchilar Kulikovo jangiga katta urg`u berib kelishar edi. Biroq bu borada Chingiz Aytmatov birinchilardan bo`lib bor haqiqatni aytadi. Oltin O`rdaning “uzil kesil tarix sahnasining tark etishiga sabab – O`rda bilan Amir Temur davlati o`rtasidagi qarama-qarshilikdir. Amir Temur donoligi, olijanobligi bilan dong taratdi. U davlat arbobi sifatida san`at, ilm-fan ahlini davrasiga chorlaydi, ularga homiylik qiladi” deb ta`kidlaydi Chingiz Aytmatov.

“Axir Bobur, Ulug`bek kabi buyuk tarixiy shaxslar, hukmdorlar to`g`risida ham zamondoshlarimizga qiziqarli voqealarni so`ylab berishimiz mumkin-ku! Shoir, tarixchi, faylasuf Boburshoh Hindistonda Buyuk saltanatga asos soldi. U ilgari O`sh, Andijon viloyatining hokimi bo`lgan edi. Amir Temur kabi Bobur ham Afg`onistonda, Hindistonda buyuk g`alabalarni qo`lga kiritadi. Darvoqe, u 11 yasharlik paytida otasidan ayriladi. Uning keyingi faoliyatlari noyob iste`dod sohibi bo`lganidan darak beradi. O`rta asrlarni tadqiq etgan tarixchilar, yozuvchilar shoh Boburning jasorati to`g`risida ko`pgina kitoblar yaratganlar. Shohning o`zi yozgan “Boburnoma” esa dunyoning bir nechta tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunimizgacha o`zining tarixiy qimmatini yo`qotgan emas” deydi buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov.

Mirzo Ulug`bek haqida esa quyidagilarni o`qiymiz: “Ulug`bek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha bo`lgan mamlakatlardan – butun dunyodan olimlarni o`z bag`riga chorlaydi, ularga homiylik qiladi. Olimlar esa riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasidagi bilimlari bilan o`rtoqlashadilar, samarali ilmiy izlanishlar olib boradilar. Ulug`bek, ayniqsa, san`at va adabiyotga alohida g`amxo`rlik ko`rsatadi. U xukmdor bo`lgan davrda madaniyatning mana shu sohalari gullab-yashnaydi. Faqat birgina “Ziji Ko`ragoniy” asarining o`zi uning nomi asrlar davomida avlodlar xotirasida yashashi uchun etarli. Afsuski, o`sha davrda turkiylar madaniyati va ilm-fanining boshida turgan Ulug`bek 55 yoshida qatl qilinadi”.

Chingiz Aytmatov mintaqa ziyolilari o`rtasida kuzatilayotgan bitta illat va muammoga e`tibor qaratadi. “Hamma gap shundaki, bobolarimizdan qolgan meros har birimiz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini bilganimiz holda ularni o`zimiz tomon tortqilashga harakat qilamiz. Afsuski, shunday an`ana mavjud. Biz negadir muayyan bir dahoning qaerda tug`ilganiga qarab turib, uning qaysi millatga mansub ekanini aniqlashga kirishamiz… Go`yoki, ularning har bittasida bu haqda guvohnoma borday! Olimlar o`rtasidagi shafqatsiz bahs-munozaralar goh kuchayib ketadi, goh so`nib qoladi. Agar bizning ota-bobolarimizning shajarasi saklar davridan boshlangan bo`lsa, agar barcha xalqlar o`shangacha turklar deb atalgan bo`lsa, demak bizning buyuk bobolarimizning ijodiy meroslari ham O`rta Osiyo xalqlari uchun umumiy bo`lishi kerak….Xo`sh nima uchun biz yo`q joydan muammo chiqarib, boshimizni og`ritishimiz kerak ekan?! Nima uchun boy va murakkab merosimizni birgalikda sinchiklab o`rganish to`g`risida hech kim gapirmaydi?! Nima uchun merosimizni har tomonga tortiqalashimiz kerak?! Buning o`rniga o`sha ilmiy asarlarning asliyatini bir joyga to`plab, turkiy xalqlarning umumiy merosi, tariximizning ajralmas qismi sifatida e`lon qilganimiz ming marta afzal emasmi?!” deydi kuyinchaklik bilan.

Chingiz Aytmatov o`zbeklar borasida hamisha iliq gaplarni aytgan. 80-yillarda markaziy matbuotda xalqimiz sha`niga quruq tuhmatlar aytilayotgan bir vaqtda “Pravda” gazetasida Chingiz Aytmatovning ijobiy maqolasi chiqishi ko`nglimizni tog`dek ko`targani sir emas. O`sha maqola uchun har qancha minnadorchilik bildirsak oz.

Biz bu maqola orqali Chingiz Aytmatov haqida yangi gap aytdik, deya olmaymiz. Faqat adibning asarlaridan sitatalar keltirdik, xalos. Shu tariqa adibning O`zbekiston, o`zbeklar haqidagi fikrlarini yurtdoshlarimizga yana bir bor eslatgimiz keldi.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1