Xabaringiz bor, avvalroq internet nashrlarida ba`zi viloyatlarda O`zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida «bir kunlik issiqxonalar» qurilgani, avtomobil yo`llari shunchaki ta`mirlangani, Jizzax viloyatidagi «Zarbdor Tekstil» korxonasida haqiqiy ishchilar emas, balki yaqin-atrofdagi kollejlarda tahsil oluvchi o`quvchi qizlar xuddi ishlayotgandek bo`lib o`tirgani, korxona aslida hali ish boshlashga tayyor emasligi haqida xabarlar paydo bo`lgan edi.
O`zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov Facebook’dagi rasmiy sahifasi orqali ushbu tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
"Yaqinda internetda yo`l bo`yida qurilgan issiqxonalar haqida material chiqdi. Mening shaxsiy fikrimcha, bu ko`proq bo`rttirilgan. Prezidentimiz borgan har bir ob`ekt, biz ko`rgan issiqxonalar — bu haqiqatda ishlayotgan issiqxonalar. Uni bir kunda yoki birgina tashrif uchun birdaniga barpo etish mumkin emasligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Mening tushunishim bo`yicha, bu materiallarda Prezidentimiz yurgan yo`llar yoqasida qurilgan issiqxonalar nazarda tutilgan.
Agar rostdan o`sha issiqxonalar hozir yo`q bo`lib qolgan bo`lsa, buni aniqlab, tegishli choralar ko`riladi. Agar o`sha issiqxonalar Prezident tashrifida qurilgan bo`lsa ham, ozroq kutish kerak, issiqxonalarda nimadir ekilgan bo`lsa, u unib chiqishini kutish kerak", - dedi Allamjonov
Prezident matbuot kotibi xorij nashrlarida Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi to`qimachilik sexidagi vaziyat xususida tarqatilgan xabarga ham to`xtalib o`tdi:
— Bundan bizning xabarimiz bor. Bu tikuv sexi 10 oy davomida qurilgan, lekin hali ushbu sex yuz foiz quvvatda ish boshlagani yo`q. Korxona rahbarlari ushbu jarayonda atrofdagi hududlardan ishsiz xotin-qizlarni, shuningdek, kollejlar talabalarini ish o`rgatish maqsadida jalb etishgan. Ular keyinchalik ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hozir faqat tayyorgarlik jarayoni ketmoqda.
Aytishim kerakki, yillar davomida to`plangan muammolar bir kunda, bir haftada, bir oyda hal bo`lib qolmaydi. Vaqt kerak. Shuning uchun, vaziyatni to`g`ri tushungan holda, vaziyatga faqat bir tomonlama emas, chuqurroq qarab baho berishga, munosabat bildirishga, bugun yurtdoshimiz olib borayotgan ishlarda elkadosh va ko`makdosh bo`lishga chaqiramiz, - deya so`zlarini yakunlagan prezident matbuot kotibi.
Shuningdek, murojaatda Prezidentning navbatdagi tashriflari vodiy viloyatlariga bo`lishini, lekin tashrif kunlari hozircha ma`lum emasligi, keynroq OAVda ma`lum qilinishi aytib o`tilgan.






