1

Buyragingiz haqida hamma narsa

Salomatlik 14.06.2014, 10:56
Buyragingiz haqida hamma narsa

Nefrolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Nozima Bobojonova maslahat beradi

Nefritmi yo glomerulonefrit?

Buyrakning yallig`lanishidan kelib chiqadigan nefrit (yoki glomerulonefrit) da asosan buyrak koptokchalarining tomirlari ham zararlanadi. Kasallik ko`pincha angina yoki streptokokklar qo`zg`atuvchi yuqori nafas yo`llari xastaligidan keyin yuzaga keladi. Ba`zida o`pka yallig`lanishi, difteriya, toshmali terlama yoki ich terlama, qattiq sovqotish ham nefritga sabab bo`lishi mumkin.

Buyrak tushishi

Nefroptoz – buyrakning tushishi (ya`ni, o`z o`rnidan pastga siljishi) demakdir. Tug`ma nefroptoz buyrakni ushlab turuvchi boylamlarning nimjonligi oqibatida kelib chiqsa, orttirilgan nefroptoz esa shikastlanish, ba`zan qisqa fursatda juda oriqlab ketish  natijasida yoki homiladorlikdan so`ng qorin devori mushaklarining kuchsizlanishi oqibatida kelib chiqadi. Dastlabki bosqichda buyrakning pastki qismi qo`lga ilinsa (sog` odamda buyrak qo`lga unnamaydi),  ikkinchi bosqichda buyrak to`liq suriladi, uchinchi bosqichda har tomonga suriladigan bo`lib qoladi. Nefroptozning boshlang`ich davrida bemor deyarli hech narsa sezmasligi mumkin. Faqat vaqti-vaqti bilan (ayniqsa ko`p yurib yoki chopib kelgandan so`ng) buyrak, qorin, kindik sohasida belga yo qovuqqa beriladigan og`riq paydo bo`ladi.

Keyinchalik buyrak tomirlari ko`proq cho`zilib, torayib boradi. Oqibatda buyrakning qon bilan  ta`minlanishi yomonlashadi. Endi bemor nafaqat og`riqning zo`rayganidan, balki uning qayta-qayta (hatto buyrak sanchig`i darajasida) bezovta qilishidan va peshob rangining o`zgarganidan shikoyat qila boshlaydi. Peshob tahlil qilinganda esa oqsil va eritrositlarning ko`paygani aniqlanadi. Xastalikning  uchinchi bosqichi nefrogen gipertoniya (buyrak xastaligi oqibatida qon bosimining ko`tarilishi) va qonli peshob kabi asoratlar bilan kechadi.

Nefroptozni davolash konservativ (operasiyasiz) va operativ usulda olib boriladi. Konservativ usul deganda asosan bandaj taqish, qorin devorini mustahkamlash va qorin bo`shlig`i bosimini oshirish yo`li buyrakni o`z holiga keltirish ko`zda tutiladi. Bandaj qorin pastidan tepaga qarab o`ralishi, qorin devorini bir tekis siqib turishi, uni ertalab yotgan holda qo`yilishi, kechqurun uyqudan oldin echilishi kerak. Bandajdan uzoq muddat foydalanish qorin devori mushaklarining kuchsizlanishiga olib keladi. Davolash maqsadidagi jismoniy mashqlar, ertalabki badantarbiya, suzish juda foydali.

Operasiya usuli (nefropeksiya)da esa  tushgan buyrak o`z o`rniga qo`yiladi va yana tushmaydigan qilib mustahkamlanadi. Bu usul nefroptozning asoratlari yuzaga kelmasdan ilgari amalga oshirilsa, ko`proq samara beradi.

Yallig`lanish

Pielonefrit  (buyrak jomining yallig`lanishi) kasalligidir. Et uvishishi, tirab-qaqshash, tana haroratining keskin ko`tarilishi, qattiq terlash, belning bir tomonida yoki umurtqa pog`onasining ikki yonida og`riq turishi, ko`ngil aynashi, qayt qilish, og`iz qurishi, mushaklarning bezillab og`rishi singari nohush holatlar pielonefritga xos belgilar sanaladi. Bunda bemorning buyragidan siydik ajralishi qiyinlashadi. Peshob tekshirilganda unda leykositlar va mikroblar ko`pligi aniqlanadi.

Shuni aytish kerakki, surunkali pielonefrit yillar davomida hech qanday belgisiz kechishi ham mumkin, u faqat siydikni tekshirish yo`li bilangina aniqlanadi. Belning bir oz og`rib turishi, sal isitma chiqishi va bosh og`rig`i unchalik kuchli bo`lmagani uchun bemor do`xtirga ko`rinmasdan yuraveradi. Lekin surunkali pielonefrit vaqti-vaqti bilan kuchayib boradi, bunda albatta tegishli muolaja olish zarur. Aks holda buyrakning siydik ajratish fueksiyasi o`zgaradi, buyrak to`qimasi  ishi ham asta-sekin izdan chiqadi. Natijada tana azotli chiqindilar bilan zaharlanadi.

Uch xil tosh, uchta dard...

Buyrak toshlari joylashishiga va hajmiga qarab turlicha bo`ladi. Masalan, urat, oksalat, fosfat toshlari  siydikda shovul kislotaning ko`payib ketishi natijasida cho`kmalar paydo bo`lishidank so`ng kelib chiqadi. Kalsiy tuzining siydikdan ko`p ajralib chiqishi oqibatida ham tosh hosil bo`ladi. Xastalikning bu turini davolash uchun parhezga qat`iy rioya qilish kerak. Tarkibida shovul kislota hamda tarkibida tuzlar mavjud bo`lgan mahsulotlar  (masalan, shovul, ismaloq, lavlagi, kartoshka, anjtr, olxo`ri, qulupnay, kakao, shokolad, qora choy)ni iste`mol qilmagan ma`qul. Aksincha, magniyga boy mahsulotlar(masalan, na`matak, yong`oq, sabzi, o`rik, grechixa, arpa, kashnich)ni ko`proq iste`mol qilish lozim. Bular organizmda oksalat toshlari hosil bo`lishiga yo`l qo`ymaydi.

Buyrak toshi kasalligi bor bemor semirib ketishdan saqlanishi, jismoniy harakatda bo`lishi, hamir ovqatlar, non, shakarni iloji boricha kam eyishi kerak. Qon-tomir, yurak hastaligi bo`lmasa, bir kunda ikki litrgacha suyuqlik ichishi mumkin.  Chunki suyuqlik toshlarni yuvadi. Spirtli ichimliklar ichish aslo mumkin emas. Ichkilik organizmdagi tuzlarning erishiga to`sqinlik qiladi. Bemor shifokor belgilab bergan parhezga qattiq rioya qilishi zarur.

Xalq tabobati

Toshlarni maydalash uchun

Toshlarni maydalash uchun davolanish mobaynida bemor uy sharoitida qo`shimcha muolajalarni qo`llashi, ya`ni xalq tabobati usullaridan foydalanishi mumkin.

Bo`yimodaron o`simligidan Ibn Sino buyrak toshini maydalashda va tushirishda foydalangan. Buning uchun bo`yimodaronni gullagan paytida guli bilan uzib olib, soyada quritiladi. Damlama tayyorlash uchun og`zi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyiladi va o`simlikning er ustki qismidan bir osh qoshiq solib, 1 soat damlanadi. So`ngra dokadan suziladi. Damlamadan kuniga 3-4 mahal ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi. Bemor 10 kundan so`ng 3-4 kun dam olib muolajani yana takrorlaydi.

Ibn Sino malhamlari

Semizo`t o`simligi tarkibida ko`p miqdorda vitamin C, qand, alkaloid, glikozid, fosfor, kalsiy unsurlari bor, Ibn Sino uning damlamasini buyrak xastaliklarini davolashda qo`llagan va o`ta shifobaxsh ekanligini alohida ta`kidlagan.

Dorilanmagan qovun eti ham bu kasalga davodir. Uzum sharbatini iste`mol qilib turish yanada foydali. Bundan tashqari, Ibn Sino behining siqib olingan sharbatiga asal va sirka qo`shib shifobaxsh dori tayyorlagan.

Sarimsoq va turp koni foyda

Makkajo`xori ham buyrak bezlarining faoliyatini yaxshilaydi. Qadimiy Sharq tabobatiga oid qo`lyozmalarda quyidagi shifolar xususida aytib o`tilgan: no`xatni ezib, bir choynakka achchiq qilib damlab, muntazam ichib yurilsa, buyrak va qovuqda paydo bo`lgan tosh tushib ketadi, sarimsoqni pishirib, turp urug`i bilan birga iste`mol qilinsa, buyrak toshining tushishiga yordam beradi.

Qumga qarshi

100 gramm tomirli barra petrushka va bir dona kattaroq selderey tomirini maydalab to`g`rab, unga 100 gramm toza asal va bir litr suv qo`shiladi, so`ngra past olovda qaynaguncha aralashtiriladi va so`ng uch kun tindirib qo`yiladi. Keyin yana bir litr suv qo`shib qaynatiladi va sovutmasdan turib dokadan suziladi. Tayyor bo`lgan ichimlik uch osh qoshiqdan ovqatdan oldin ichib turilsa, buyrakdagi qumni tushiradi.

Buyrak og`rig`iga qarshi

Buyrakda paydo bo`lgan tosh kishiga azob bersa, bezovta qilsa, temirtikanak o`simligidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun o`simlikning yuqori qismidan damlama tayyorlanadi. Shu damlamaga tok zangining kulini aralashtirib ichib turish tavsiya etiladi.

                                                      G. Jamilova yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1