AsosiyJamiyat

Toshkent shahar hokimligida birinchi xorijlik xodim ish boshladi

'Toshkent shahar hokimligida birinchi xorijlik xodim ish boshladi'ning rasmi

Toshkent shahar hokimligiga birinchi xorijlik xodim ishga olindi. Janubiy koreyalik mutaxassis, Seul meriyasi departamenti vakili Kim Yu Shik shahar hokimining poytaxt ma`muriyati faoliyati tizimida axborot-kommunikasiya texnologiyalarining joriy etilishi ishlariga mas`ul maslahatchisi etib tayinlandi.

IT sohasida 20 yillik ish tajribasiga ega Kim Yu Shik Janubiy Koreya poytaxtida IT’ni rivojlantirish bilan shug`ullangan va Seuldagi barcha jamoat joylarining bepul Wi-Fi nuqtalari bilan ta`minlanishi bo`yicha loyihada ishtirok etgan.

Toshkent shahar hokimi uchun mutaxassis ajratilishi to`g`risidagi kelishuvga O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga noyabr oyida qilgan davlat tashrifi doirasida erishilgan edi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, Janubiy koreyalik mutaxassis bilan bir yillik shartnoma tuzilgan. Hokim maslahatchisiga maoshni Seul meriyasi to`laydi, Toshkent hokimligi esa uning yashash va qatnovlar uchun ketgan xarajatlarini qoplaydi.

«Maslahatchining asosiy vazifalari — Toshkentda ham Seuldagidek shahar boshqaruvi bo`yicha situasion markaz yaratilishidan iborat. Yagona markaz orqali shaharda kommunal soha, shaharsozlik, yong`in xavfsizligi, tezkor choralar ko`rish tizimlaridagi barcha vaziyatlarni onlayn rejimda kuzatish mumkin. Unga ko`chalardagi barcha kuzatuv kameralari ham ulanadi. Buni smart city („aqlli shahar“ — tah.) unsurlaridan biri deya hisoblash ham mumkin, ammo bu mutlaqo alohida loyiha», — deb qayd etilgan xabarda.

    Boshqa yangiliklar