Bugun "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasining London-Toshkent yo`nalishi bo`yicha amalga oshirilgan HY202 qatnovida bir guruh sayyohlar "ziyorat" turizmi dasturi bo`yicha mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bangladesh millatiga mansub Britaniya fuqarolarini Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportida "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari kutib oldilar.
Qisqa muddatli safar davomida mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarining qadimiy tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizdagi islom dinining muqaddas qadamjolarini ziyorat qilishadi.
Ta`kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining "O`zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida "O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasining xorijdagi vakolatxonalari mamlakatimizga ziyorat turizmi dasturi bo`yicha sayyohlik oqimini oshirish borasida faol ish olib bormoqda. Ayni vaqtda sayyohlik kompaniyalari bilan birgalikda, "to`g`ridan-to`g`ri" va tranzit turistlarni jalb qilish uchun O`zbekistondagi muqaddas joylarga turli xil qisqa muddatli ziyorat safarlari va ekskursion turpaketlar ishlab chiqilmoqda.
- Sizning ajoyib mamlakatingiz ta`rifi, qadimiy arxitektura yodgorliklari, bugungi kungacha etib kelgan qadimiy an`analaringiz, urf-odatlaringiz va, albatta, o`zbek xalqining o`zgacha mehmondo`stligi haqida ko`p eshitganmiz, - dedi jurnalistlar bilan bo`lgan suhbatda sayohat tashkilotchisi va guruh rahbari, Manchester universiteti o`qituvchisi Mahmud Afzaal. –Yurtingizdagi muqaddas joylarni ziyorat qilishni hamda O`zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishishni juda istardik. Bugun bu imkoniyat bizga nasib etganidan juda mamnunmiz. Mamlakatingiz bo`ylab etti kunlik sayyohatimiz davomida Samarqand va Buxoroda so`fiylik tariqati asoschilarining maqbaralarini ziyorat qilishni rejalashtirganmiz. Shuni aytish joizki, "Uzbekistan Airways" samolyoti sahnidanoq o`zbek xalqining mehmondo`stligi va unutilmas sharqona muhitni sezdik. Imkoniyatdan foydalanib, aviakompaniya xodimlariga bizga ko`rsatgan mehmondo`stligi va samimiy munosabatlari uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
- O`zbekistonni o`z ko`zim bilan ko`rish va so`fiylik tariqatiga oid muqaddas joylarni ziyorat qilish orzuim bugun ushalgandan juda xursandman,- deydi biznes-maslahatchi Ketrin Maeve. - Uzoq parvoz davomida bizdan e`tiborini ayamagan "Uzbekistan airways" jamoasidan juda minnatdormiz. Mamlakatingiz buyuk sayyohlik salohiyatiga ega, sizning serquyosh o`lkangizning madaniy merosi butun dunyodagi sayyohlar orasida juda mashhurdir. Bu erga ilk kelishim va sabrsizlik bilan ming yillik tarixning bir qismi bo`lgan Buyuk Ipak yo`lidagi noyob qadimiy yodgorliklar bilan tanishishga oshiqib ketmoqdaman. O`zbek milliy taomlarini va dunyoga mashhur shirinliklarni tatib ko`rishni ham juda xohlayman. Ishonchim komilki, men yurtingiz haqida unutilmas xotiralar bilan vatanimga qaytaman va umid qilamanki, mamlakatingizga yana qayta tashrif buyurish menga nasib etadi.






