1

TESKARI FE`LNING TADBIRI

Mutolaa 05.04.2018, 17:47
TESKARI FE`LNING TADBIRI

Xalqimizda bejiz “Erga tegish oson, etigini echish qiyin” deyilmas ekan. Shahzodaning turmush o`rtog`i javobgarligi o`ta kuchli bo`lgan, qat`iy rejimli ishda ishlaydi. Yangi turmush qurgan kezlari boshlig`i bilan arzimagan sabab bilan tortishib qolibdi. Shundan so`ng “bor-ey” deb ishdan bo`shash haqida ariza yozib kelaveribdi. Butun oila hayron. Shundoq yaxshi ishdan voz kechib bo`ladimi? Maoshi yuqori bo`lsa. Kattalar urishib ko`rishdi, tushuntirib ko`rishdi — foydasi yo`q. Oxiri “motam tutib, arazlab yotgan” turmush o`rtog`ining oldiga o`zi kirdi.

– Baribir ishga bormayman, ko`ndirishga urinma, – dedi qo`pollik bilan, xotini nima maqsadda kirganini sezgan eri.

– Borsangiz-bormasangiz, menga nima, – dedi Shahzoda go`yo boshqa bir yumush bilan kirgan kabi.

– Och qolishdan qo`rqmaysanmi?

– Nega och qolaman, ishlayman-u, – deb javob qaytardi.

– Olgan oyliging atir-upangdan ortmaydi-ku!

– Kelajakda mening shu arzimas oyligim bilan katta ro`zg`or tebratishga tayyor turing! – dedi xo`jayinining jig`iga tegish uchun.

– Nafsoniyatimga tegmoqchi bo`lma, baribir bo`shayman! – javob berdi niyati qat`iyligini bildirib.

Agar xo`jayini ishdan bo`shasa, oilada hammaga qiyin bo`lishini sezib turibdi. Chunki qaynukalari hali yosh, qaynata-qaynanasi nafaqada, o`zining topgani bir navi. To`g`ri tushuntirganidan biron ish chiqmasligini bilib, teskari yo`lni tanladi:

– Bo`pti, bo`shang shu ishingizdan, jonimga tegib ketuvdi o`zi bazmdan bo`shamaydigan hamkasb ulfatlaringizam, har minutda telefon qilib tergaydigan boshliqlaringizam.

Xo`jayini sal bo`shashdi.

– Ulfatlaring yomon deysan-u, bo`shaganimdan keyin bunaqa odamoxun kishilarni qaerdan topaman? – dedi.

– Ana, qo`shnining eri hech qaerda ishlamaydi. Lekin namunali “uy bekasi”: bola qaraydi, ovqat pishirib, oyimtillasi savdodan kelguncha uy yig`ishtirib o`tiradi. O`sha bilan do`stlashasiz. Bahonada ish tajribasidan sizgayam o`rgatardi.

– Men unaqa erkaklardanmasman.

– Ishdan bo`shagunga qadar uyam unaqamasdi, sizam qo`rqmasdan bo`shayvering, – dedi burro-burro qilib.

– Bo`sha-bo`sha deysan, stajim nima bo`ladi? Ertaga qariganimda yaxshi pensiya olishim mumkin. Men ishlamasam, topganing nimagayam etardi? – dedi turmush o`rtog`i shashtidan ancha-muncha tushib.

– Mendan xavotirlanmang, akamga aytsam, har oy oz-moz pul berib turar. Yangi kelin bo`lsam, ko`proq pul topay deb to`rt tomonga chopolmayman-u, – dedi.

Eri hech narsa demadi. Aftidan xotini akasidan pul olishiniyam, mo`may pul topish uchun ertayu kech ishlashiniyam istamadi-yov. Indamay kiyinib, ishga jo`nadi.

* * *

Farzandli bo`lganlaridan so`ng oldingiday barcha ishlarni o`z vaqtida qilishga ulgurolmay qoldi. Xo`jayinining goh paypog`i yuvilmay qolib ketsa, goh ovqat vaqtida pishmasdi. Tabiiyki, e`tiborsiz qolgan erning ming`ir-ming`iri ko`paydi. Ba`zan arzimagan narsaga jahl qilib uydan chiqib ketadi. Bor kuchi bilan harakat qilsayam, ko`p narsaga ulgurmasdi. Qaynana-qaynatasidan alohida yashayotgani uchun o`n daqiqaga bo`lsayam chaqaloqni qo`lidan olib turadigan odam yo`q. Ba`zan eri bilan san-manga ham bora boshladi. Agar turmushi shu tarzda davom etsa, yaxshilikka olib kelmasligi bilib, qo`shnisidan maslahat so`radi. “Uyingizdagi barcha jihozlarni yangilang, pardalar va choyshablarniyam”, dedi qo`shni dugonasi.

Chaqalog`ini chirillatib, kunda bozorma-bozor sanqiy boshladi. U bir hafta bozor aylangunicha bolaning yig`idan ichagi uzildi, bozorchilarning qulog`i teshildi. Endi navbat tikuvchilarga! Hamma xonalarga elita pardalar tiktirdi, yaxshi matolardan olib, choyshabu yostiqlargacha yangiladi. Yopingan odam ichida muzqaymoqday erib ketadigan chetning ko`rpasidan ham oldi. Uyni butunlay o`zgartirib, kechqurun xo`jayini ishdan kelishini poyladi, rosa xursand bo`lar deb. Ammo u kutganiday bo`lmadi. Shuncha yangilikni ko`rib, eri pinagini ham buzmadi. Oxiri sabri chidamay, o`zi so`radi:

– Yoqdimi?

Ammo javob yoqimli emasdi. “Jami qancha pul ishlatding?” degan savolga duch keldi. Tabiiyki, u bu summani aytolmasdi. Pulli masalalarda erining qon bosimi tez-tez oshib turadi. Yana kasali qaytalamasin deb, indamay qo`ya qoldi.

Uxlagani kirgan erining ustiga yumshoqqina yotsin deb yangi ko`rpani solib qo`ydi. Biroq ko`p o`tmay “O`zimning ko`rpam qani?” degan baqiriqdan o`zi ham, uxlab yotgan chaqalog`i ham cho`chib tushdi. Yugurib bordi. Eri jahldan o`zini qo`ygani joy topolmayotgandi. Unga bu juda sifatli va qimmatbaho ko`rpaligini, muhimi, chet elniki ekanligini tushuntira boshladi. U bo`lsa battar tutaqib, “Buningdan na havo o`tadi, na ustingda borligini sezasan, top, o`zimning paxta ko`rpamni”, deb sintepondan qildirgan yumshoqqina yostiqlarini ham yuziga qarata otdi. Bu o`zgarishlarning oqibatimi, yo erida oqibat yo`qmi, bilolmadi. Shunday qilib, ko`rpa qimmatbaho bo`lgani bilan eri uchun bir pulga qimmat chiqdi.

* * *

Yana qo`shninikiga maslahatga chiqdi. “O`zi turli pishiriqlar qilib, mazali ovqatlar bilan erning ko`nglini olishni bilasizmi?” – dedi qo`shnisi. “Bo`g`irsoq qilishni bilaman”, dedi. “Attang!” – dedi qo`shnisi boshini sarak-sarak qilganicha. Qo`liga bir dunyo masalliqning ro`yxatini tutqazdi. “Shuncha chiqim qilib, yana pishirib o`tiramanmi, tayyorini olaqolay”, dedi. “Ko`chaning narsasi bilan erning ko`ngliga yo`l topib bo`lmaydi”, – dedi qo`shnisi. “E, ko`nglining ko`chasidan o`rgildim”, deb yo`lga tushdi. O`sha kuni qo`shnisi kechgacha unikida turli pishiriqlar qildi. Kechqurun uyga kelgan xo`jayini pishiriqlarni ko`rib, “Qaysi qo`shni olib chiqibdi?” – deb so`radi.

– O`zim qildim, – dedi.

– Bo`lishi mumkin emas, – ishonmadi u.

– Televizorda tayyorlab ko`rsatdi, qiziqib tayyorlab ko`rdim, – deb yolg`onladi, – endi birinchisi unchalikmas-u, mayli-da.

– Yo`q, birinchisi bo`lsayam zo`r chiqibdi, bunaqasini hech emaganman. Ertaga yana pishir, – deb qoldi yalingannamo.

O`ldi. Boya qo`shnisi pishirayotganda o`g`li bilan bo`lib qanday tayyorlanishini ko`rib ham olmagandi.

– Masalliqqa ko`p pul ketarkan-da, – dedi ikkilanib.

– Hechqisi yo`q, qancha pul kerak bo`lsa, tortinmay ishlataver.

Qo`shnisidan reseptini yozib olib, besh martacha pishirib ko`rdi. Itga tashlasa, it emaydigan bir narsalar bo`ldi. Kechqurun oldiga qo`ydi. “Bugun o`g`lingiz ko`p injiqlik qildi, pishirganlarim o`xshamadi”, deb bahonaladi. Xo`jayini bo`lsa “Hechqisi yo`q, bo`p turadi”, deb hammasini paqqos tushirdi. Emasa kerak deb o`ylovdi, o`zidan uyalib ketdi. Chunki eydigan darajada emasdi. Usti xom, osti ko`mir. Turmush o`rtog`i uyda qilingan pishiriqlarni bu qadar yaxshi ko`rishini bilmasdi, rosti. Egani uchun ham vijdoni qiynalib, pishiriq qilishni astoydil o`rgandi. Yana qo`shnining maslahati bilan ancha-muncha narsalarni o`rganib oldi. Kechasi bilan uxlamasa ham uy-joyini ozoda tutib, osh-ovqatni vaqtida qiladigan bo`ldi. Erining unga munosabati kundan-kunga yaxshilanib borardi. Azbaroyi oilasiga mehri oshib borayotganidan yana “ishdan bo`shayman”ga tushib qoldi. Eski odatlarini boshlamasa bo`lmaydi, shekilli.

* * *

Qo`shnisi turmush o`rtog`i bilan juda ahil yashaydi. Ro`zg`ordagi axlat to`kishmi, non olib kelishmi, xullas, kundalik barcha ishlar erining zimmasida. Shahzoda bo`lsa, bozor-o`charni ham o`zi qiladi. Xo`jayini maoshini tiyin-tiyinigacha olib kelib beradi-yu, boshqa hech narsa bilan ishi yo`q. Uning nazdida shuning o`zi eng katta qahramonlik. Undan ortiq xotiniga yana qanday yordam berish mumkin? Hatto kiyadigan kiyimlarini ham bozordan xotini olib kelib berishi kerak. “Birga yuring”, desa, “Sening didingga ishonaman, bozorga borsam boshim og`riydi”, deydi. Tavba, bola yig`lasa boshi og`riydi, bozorga borsa boshi og`riydi, pul so`rasa qon bosimi oshadi, ertalabdan-kechgacha, kechdan-ertalabgacha “ur-qir” kinolarni ko`rib esa hech boshi og`rimaydi.

Shularni o`ylab, boshi qotib yurgan kunlarning birida qo`shnisi chiqib, ularnikidan xo`jayiniga telefon qildi. Atay tinglamasa ham, ovozi qulog`iga chalinib turardi. Bir chiroyli muomala qilar ekanki, og`zi ochilib qoldi. Oxirida “Dadajonisi, bo`pti charchamang, qaytishingizda ilojini topsangiz, ikkitagina non olakeling”, dedi.

Qoyil qoldi. Axir o`zi eriga telefon qilganida hamisha “Telefoningiz doim band bo`ladi, qaysi xushtoringiz bilan gaplashyapsiz?” deb chaqib olishdan boshlaydi-da. “Ishim shunaqa-ku!” deb tushuntirmoqchi bo`lsa, “Bahona qilmang”, deb jerkib tashlaydi.

Bulardan xulosa chiqarib, xo`jayinining raqamlarini terdi. “Da” degan jahldor ovoz eshitildi (xotini telefon qilsa asabiylashadigan bo`lib qolgan). Bu gal shunchalik muloyim gapirdiki, eri hayron. “Bola bilan chiqolmadim, qaytishingizda ikkitagina non olakeling”, dedi. Xo`jayni bu muomaladan shoshib qoldi. “Xo`p-xo`p, albatta oboraman”, dedi. “Mayli, charchamang”, deb go`shakni qo`yib, qotib-qotib kuldi. Chunki haligacha bunaqa yaxshi gapirib ko`rmagandi.

Kechqurun eri ikkita emas, to`rtta non ko`tarib kirib keldi. “Bo`larkan-u”, dedi ichida. Shu kuni ataylab axlatni kech soat o`n bir yarimgacha to`kmadi. Rus tilida qandaydir detektiv kino ko`rib yotgan erining oldiga kirib, “Bolani zo`rg`a uxlatdim, endi axlat to`kib kelaqolay”, dedi sekingina muloyim mushukday. Besh yillik turmushi davomida biron marta axlat to`kmagan xo`jayini pinaginiyam buzmadi. Shahzoda ham imillagandan imilladi. Bir mahal eri: “Qo`yaver, kech bo`ldi, ertalab to`karsan!” – dedi vijdoni oz-moz qiynalganidan. “Yo`g`-ey, barakali uyni barakasiz qilib turmasin”, dedi o`zini bir oz aqlliroq ko`rsatib. Endi lift tugmasini bosuvdi hamki, ichkaridan eri chiqib keldi.

– Qo`yaver, o`zim to`kib kelaman, qo`rqib yurma, – dedi u.

Noilojdan aytganini bilib:

– Qo`rqmayman, dam olavering, charchab kelgansiz, – dedi mulozamat bilan, go`yo o`zi kun bo`yi bekor o`tirganday.

– O`zi chekishga tushmoqchi bo`lib turuvdim, bir yo`la axlatni ham tashlab kelaman, – dedi.

Xullas, axlat ham to`kildi. Ko`pincha qo`shni dugonalari doim erlari tomondan e`zozdaligini ko`rib, o`zidan xafa yurardi. Ulardan kam joyim bormi, deb o`ylardi. Endi qarasa, yo`q ekan. Chunki eri bozor-o`charni ham o`zi qila boshladi. Lekin hamma narsani eng qimmatidan, ko`p-ko`pdan olgani yomon-da. Uvol bo`lib qoladi. Ilgari o`zi ro`zg`origa loyiqqina qilardi. Shuning uchun qiynalsayam, oldingi vazifalarini yana o`z zimmasiga oldi. Ammo bundan norozi emas. Chunki endi er-xotin janjallashmayapti. Bir-birini hurmat qilishni o`rgandi. Shuni aytadilar-da, “yaxshi gap — jonga oziq” deb.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1