Xorazm viloyatining Shovot tumanida “Magnum” rusumli traktori bilan “Spark” rusumli avtomashinasi o`rtasida to`qnashuv sodir bo`lgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
"5 aprel kuni soat 01.10 larda, Tuproqqal`a mahallasida yashovchi, tuman MMTP traktorchisi, 1990 yilda tug`ilgan M.Hayitboev o`ziga biriktirilgan “Magnum” rusumli traktorini “Shovot-Urganch” yo`lining 22-km.da haydab ketayotib, yo`lni chap tomoniga burilayotib qarshisidan harakatlanib kelayotgan 1993 yilda tug`ilgan O.Pirmetov boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinasiga yo`l bermasligi oqibatida to`qnashuv sodir etgan", - deyilgan xabarda.
Natijada “Spark” avtomashinasi haydovchisi O.Pirmetov va yo`lovchisi, 1992 yilda tug`ilgan T.Atamuratovlar jarohat olib voqea joyida xalok bo`lganlar hamda yana bir yo`lovchisi, 1990 yilda tug`ilgan O.Rajabov jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






