AsosiyJamiyat

Harbiy xizmatni o`tayotgan o`g`lonlar g`urur sa sadoqat ila qasamyod qabul qildilar

'Harbiy xizmatni o`tayotgan o`g`lonlar g`urur sa sadoqat ila qasamyod qabul qildilar'ning rasmi

Toshkent harbiy okrugiga qarashli podpolkovnik Shuhrat Ashurov xizmat qilayotgan harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan o`g`lonlar ko`lda qurol tutib, yuz-ko`zlarida qat`iyat, ishonch bilan Harbiy qasamyod qabul qildilar, deya xabar qiladi mudofaa vazirligining matbuot xizmati.

Ularni yaqinlari dilda viqor, g`urur va faxr bilan kuzatdilar. Bir-birlariga farzandlarini, o`tgan vaqt davomida ulardagi o`zgarishlarni gapirib charchashmasdi. Qo`llarida guldastalar tutgan ota-onalar va askarlarning yaqinlarini ko`rib, o`zingizni katta saylga kelgandek his qilasiz. So`zga chiqqan Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni general-mayor Bahodir Qurbonov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar Harbiy qasamyod qabul qilgan o`g`lonlar zimmasidagi mas`uliyat naqadar ulug`vor va mas`uliyatli ekanini ta`kidlab, ularga Vatan himoyasidek sharafli ish yo`lida sobitqadamlik tiladilar.

– O`g`limning Harbiy qasamyod qabul qilish tantanasiga Andijon viloyatidan keldik. Ana shunday azmu shijoatli yoshlar qatorida o`g`lim ham bo`lishini qancha kutgandik. Uning yuzimizni yorug` qilishiga ishonaman. Hamisha Vatanning, elning koriga yarab yursin, – deydi oddiy askar Nurmuhammad Muhammadjonovning onasi Mamlakat Jo`raeva.

– Yoshligimdan sport bilan shug`ullanaman. Endi bor kuchimni, bilimimni, intilishimni Vatan himoyasiga yo`naltirmoqchiman. Buning uchun esa jismonan chiniqqan, ma`naviy yuksaklik, intellektual qobiliyati yuqori bo`lish talab etilar ekan, – deydi muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Xasanboy G`anisherov.

Tadbir davomida o`tkazilgan harbiy texnikalar namoyishi ishtirokchilarning jangovar salohiyatimizga bo`lgan ishonchini yanada oshirgan bo`lsa, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar yig`ilganlarga bayramona kayfiyat bag`ishladi.

    Boshqa yangiliklar