Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta`minlashga yo`naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori (VMQ-272, 06.04.2018 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.
Qaror bilan Aholiga kinovideo xizmati ko`rsatish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq:
- «O`zbekkino» Milliy agentligi tizimidagi kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalari narxi Agentlik tomonidan, boshqa kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalarining narxi ushbu tashkilotlarning o`zlari tomonidan mustaqil belgilanadi;
- kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseans boshlanishidan kamida 30 daqiqa avval belgilangan kinoseansga chiptalar savdosini boshlashi shart.
- kinozalga kirish seansdan kamida 15 daqiqa oldin boshlanadi;
- etti yoshgacha bo`lgan bolalar voyaga etgan kuzatuvchi hamrohligida, bolalar uchun belgilangan narxlarda kirish chiptasi bilan kinozalga kiritiladi;
- repertuarda rejalashtirilgan film kinoseans uchun kinozalga yig`ilgan tomoshabinlarning sonidan qat`i nazar chipta sotilgan bo`lsa namoyish qilinishi shart;
- kinoseans vaqtida videokamera, telefon, planshet va boshqa raqamli elektron jihozlardan foydalanish, namoyish etilayotgan filmni video-foto tasvirga olish, baland ovozda gaplashish va boshqa tomoshabinlarga xalaqit berish taqiqlanadi;
- kinovideo-tomosha tashkilotlari kinofilmlarni sifatli namoyish qilish, tomoshabinlarga sifatli xizmat ko`rsatish, hojatxona, ona va bola xonasi, birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatish vositalaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratib berilishi shart.






