Odam nimani orzu qiladi? Albatta, to`la-to`kis oilani, yaxshi ishni, porloq kelajakni... Hech kim etimlikni, bola dog`ida kuyishni yo befarzand o`tishni xohlamaydi. Hatto bu sinovlar boshiga tushgudek bo`lsa, qanday yashashini tasavvur ham etolmaydi. Biroq taqdir «tuhfa» larini munosib qarshi olib, boshqalarga o`rnak bo`lgulik hayot kechirayotganlar ham bor, oramizda.
Shaharchaning suyukli onasi
Andijondagi «Bolalar shaharchasi»da 10 yildan buyon o`g`il-qizlarga onalik qilib kelayotgan Zulxumor aya JO`RAEVA shunday insonlardan biri. Aya ularni tarbiyalar ekan, o`zining ham dardlariga malham topgandek bo`ladi. Qahramonimizning dil yarasini yangilasak-da, o`zi va tarbiyasidagi farzandlari haqida so`zlab berishini iltimos qildik.
«Avval o`g`lim, keyin qizimdan ayrildim»
— Andijonda tug`ildim, pedagogika kollejini tugatgach, 10 yil bolalar bog`chasida tarbiyachi bo`lib ishladim. Bu orada turmushga chiqdim. O`g`lim 2 yoshligida betob bo`lib, bevaqt olamdan o`tdi. Qizim ham baxtsiz hodisa tufayli juda erta vafot etdi. Farzand dog`i juda og`ir bo`larkan. Bag`rim huvillab qoldi. Shu zaylda bir necha yillar o`tdi.
«Meni ONA deb qabul qilishdi»
2008 yili «Bolalar shaharchasi» qurildi va men ushbu muassasaga ishga qabul qilindim. Bu kun — hayotimdagi baxtli kunlardan biri bo`ldi. Menga «ONA» degan eng buyuk maqom berildi. Bu erdagi bolalardan ko`pining ota-onasi olamdan o`tgan. Ayrimlarining yo onasi, yo otasi bor, ammo o`z nuridiydalaridan voz kechib, tashlab ketishgan. Birining onasi ruhiy xasta, boshqasiniki ishlash uchun xorijga ketgan. Ba`zan bolalarim yo`l qarab turgani, hech kimga qo`shilmay yig`lab o`tirganini ko`rib qolaman. Shunda qalbim chok-chokidan so`tilib ketgandek bo`ladi. Mayli, bizdek tarbiyachilar ishsiz qolsin, lekin biror bola ota-onasidan ayrilmasin! Ularning o`ksik qalblariga malham bo`lish uchun qo`limdan neki kelsa, barchasiga tayyorman. Shirin so`zimni ayamay, har birini o`z qiziqishiga qarab to`garaklarga, mashg`ulotlarga olib boraman. Birgalashib ovqatlar pishiramiz. Tug`ilgan kunlarni, bayramlarni nishonlaymiz.
«Artyomim meni hammadan qizg`onadi»
Shu yillar ichida qancha o`g`il-qizim bag`rimdan uchirma bo`lib, katta hayotga qadam qo`ydi. Biri hisobchi, biri bank boshqaruvchisi. Muhimi, yurt koriga yaraydigan inson bo`lib ishlashyapti. Rus bolam Artyom «Ona mehrinisizdan ko`rdim», deb boshqa ukalaridan meni qizg`onardi. Hozir chet elda ta`lim olyapti. Bir qizimni yaxshi bir oila boqib oldi. So`ng turmushga chiqdi, farzandli bo`ldi. O`zingiz ayting, shunday farzandlari bor mendek ona uchun bundan ortiq baxt bormi?
«8 bolam bor, deb faxrlanaman!»
Ayni paytda 7 o`g`il, 1 qizni tarbiya qilyapman. Oldin odamlar «Farzandingiz bormi?», deb so`rashsa nima deb javob berishni bilmasdim. Hozir esa «8 bolam bor», deb faxr bilan aytaman! Ixtiyorjon, Murodbek, Omadbek — uch aka-uka etim qolib, shaharchamizga qabul qilinganda ularga ona bo`ldim. Ikki aka 16 yoshga to`lgandan keyin bu erni tark etishiga to`g`ri keldi. Xudo xohlasa, ularni uylantirishda ham o`zim bosh-qosh bo`lish niyatidaman. Mansurbek va Omadbek sport bo`yicha bir qancha tanlovlar g`olibi. 5 yoshli Behruzbek Navoiy g`azallarining qariyb barchasini yod olgan. Qizim Feruzaxon pazanda.

«Qaniydi, imkon berilsa...»
Bolaga zor edim, shukurki, bugun bolazorda yashayapman. Hozir 54 yoshdaman, nafaqaga chiqishimga oz qoldi. Keyin farzandlarimdan qanday ayri yashashim mumkin? Axir, etni tirnoqdan ayirib bo`larmidi?Qaniydi, davlat tomonidan kam ta`minlangan oilalar, yolg`iz onalar uchun qurilayotgan uylardan menga ham ajratishsa, bolalarimdan 3-4 nafarini o`z qaramog`imga olib, bir oila bo`lib yashasam. Ular meni o`z onasi deb, men esa o`z bolam deb qabul qilganman. Endi ularsiz hayotimni tasavvur etolmayman.
«Muruvvat» uyining mehribonlari
Toshkent shahridagi «Muruvvat» nogiron bolalar uchun 2-internat uyi. Mo``tabar JALILOVA bu erda 15 yildan buyon tarbiyachi bo`lib ishlaydi. Iltimosimizni erda qoldirmay intervyu berishga rozilik bergan opa bizni bolalar dam olib o`tirgan xonaga boshladi. Bir qiz yugurib kelib, hamsuhbatimizni quchoqlab oldi va bizga qizg`anibroq qarab, «Bu mening onam!», dedi. Gapira olmaydiganlar esa o`z sevinchini imo-ishoralarda, ovozsiz hayqiriqlarda ifodalay ketishdi. Cho`kkalab o`tirgan bir bola Mo``tabar opani oyoqlaridan quchdi. Bir-biriga shu qadar mehr qo`ygan bu insonlar go`yo bir oiladek edi. Aslida, bu erdagi muhit haqida bizning izohlarimiz ortiqcha. Keling, barchasini Mo``tabar opaning o`zidan eshitamiz.
Mo``tabar opaning kundaligidan:
2003 yil, aprel
Ishxonamdagilar «Vaqtincha boshqa ish toping, shifoxonamizning kapital remonti anchaga cho`ziladiganga o`xshaydi», deyishdi. «Muruvvat» uyida ishlovchi tanishimning taklifi bilan o`sha erga bordim. Birinchi bor bu erga kelib, bolalarni ko`rganimda titrab ketdim. 300 dan ortiq bola. Nahot, ular shunchalik ko`p bo`lsa? Ba`zilarida miya falajligi, ayrimlarida aqliy zaiflik, birida autizm, boshqasida Daun sindromi... Ular bilan til topishib keta olarmikanman?..
2005 yil, sentyabr
Bu erda hamshira bo`lib ishlayapman. Lekin bolalarga yanayam yaqinroq bo`lgim kelyapti. Ularga shu qadar mehr qo`yaman, deb o`ylamagandim. Yaxshiyam, bu yil pedagogika kollejiga o`qishga kirganim. Endi tarbiyachi sifatida ular bilan ko`proq vaqt o`tkaza olaman.
2007 yil, 31 dekabr
Yangi yil bayramini birga nishonlash uchun rahbariyatdan ruxsat olib, Verani uyga olib keldim. U uyda Yangi yil kutishni juda ham orzu qiladi. Tashlab ketishga ko`nglim bo`lmadi. Zafar aka (turmush o`rtog`im), Sardor, Ziyoda, Diyorjon — uchala farzandim ham uni yaxshi ko`rib qolishdi. Vera birinchi marta soat
2010 yil, fevral
18 yoshga to`lgan bolalarimizni bugun qarab kattalar «Muruvvat» uylariga olib ketishdi. Bilaman, ular anchagacha yangi joyga ko`nikolmay, meni sog`inib, qiynalishadi. Men ham ularni qo`msayman. Ammo nailoj, ular katta hayotga moslashishni o`rganishi kerak.
2013 yil, may
Bolalarimiz Paralimpiya estafeta o`yinlarida birinchi o`rinni olishdi! Ularga tennis stolini sovg`a qilishdi. Jismoniy tarbiya o`qituvchisiga rahmat, astoydil shug`ullantirdi. Bolajonlarim, zafarlar doim hamroh bo`lsin, sizlarga!
2017 yil, iyul
Bugun ikkinchi nabiram dunyoga keldi. Ismini Zabihullo deb qo`ydik. Danagidan mag`zi shirin, deyishadi. Rost ekan...
2017 yil, oktyabr
Larisa kelganida 4 yosh edi, yaxshi yura olmasdi. 10 yoshgacha ikkita operasiyani boshdan o`tqazib, bugun birinchi marta o`zi oyoqqa turdi. Hammamiz yig`lab yubordik. Ona qizim, qadamlaring qutlug` bo`lsin!
2017 yil, noyabr
Bahodir oxirgi kunlarda umuman ovqat emay qo`ydi. Uyidagilar kelmaganiga ikki oydan oshdi-da... Bola bechora ichikib qoldi. Gapira olmasa ham imo-ishoralar bilan «Onamga ayting, meni ko`rishga kelsin», deydi. Onasiga qo`ng`iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim, iltimos qildim. Onasi kelganida Bahodir dodlab yig`lab yubordi...
2018 yil, yanvar
Feruza hamma ishni oyog`ida bajarishni o`rganib boryapti. Oyog`ida rasm chizadi, o`yinchoqlardan shakllar yasaydi, plastilindan bir narsalar yaratadi. Ko`rib, ko`zlarim quvonib ketadi-ey!
2018 yil, fevral
Glier nomidagi musiqa maktabi o`qituvchilari bu erga kelib, bolalarimizga musiqa asboblarini chalishni o`rgatishyapti. Murodjon fleyta, Baxtiyor pianinoda tuppa-tuzuk chaladigan bo`lib qolishdi. To`lqin esa “udarnik” olib bering, deb rosa iltimos qilgandan keyin homiy topib, xarid qildik. Ular birgalashib musiqa chalishganda ikki qo`li yo`q Ismatilla shunaqa maza qilib o`ynaydi...
2018 yil, 3 mart
Sanjarning ahvoli tobora og`irlashib boryapti. Avval oyog`i, keyin qo`li falajlandi. Endi esa gavdasini ham tuta olmayapti. Bugun menga yaxshi ko`radigan penopolisterolli momiqdek yumshoq ko`rpachasini mashq zalidan olib kelib berishimni so`radi. Olib chiqib berdim. Biram duo qildi, bolaginam.
2018 yil, 7 mart
Prezidentimiz Farmoni bilan menga «Shuhrat» medali berilganini aytishdi. Xursandman! Ammo bu jamoa, shu erdagi hamkasblarim – Shahnoza, Dilafro`z, Durdonalar bo`lmaganda shunday yuksak mukofotga loyiq bo`la olarmidim? Bolalarni bir o`zim eplay olarmidim? Yo`q, albatta. Bu butun jamoamning yutug`i!
2018 yil, 18 mart
Bugun gazetadan ikki muxbir keldi. Men bilan suhbatlashishdi. «Ko`rib turibmiz, ishingiz oson emas ekan. Bir so`z bilan, sizni bu erda nima ushlab turadi?», deb so`rashdi. Men «Bolalar mehri», deb javob berdim. «Biror marta shu erda ishlayotganingizdan afsus chekkanmisiz?», deyishdi. Javobim aniq: yo`q, hech qachon!
Shohsanam NIYoZOVA






