Shu yilning 23 mart kuni O`zbekiston Milliy Axborot agentligi O`zA saytida “Ayanchli ahvolda yashayotgan oila” sarlavhali maqola e`lon qilingan edi. Unda Namangan viloyatining Pop tumanida ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish bo`yicha faoliyat olib borayotgan Respublika ishchi guruhi 18 mart kuni 3 oila, 9 jondan iborat Martavali Botirov xonadoni uy-joyi yo`qligi sababli Pop tumani Nurobod MFY hududidagi sobiq mashina-traktor parki hududida joylashgan yaroqsiz binoda ayanchli ahvolda yashayotgani bayon etiladi. O`tgan vaqt mobaynida bu oila hayotida qanday o`zgarishlar bo`lganini bilish, oilaning bugungi kundagi ahvoli bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatidagi "Oila va jamiyat" gazetasining muxbiri Shahlo Toshbekova voqea joyiga borib, vaziyatni o`rgandi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan aholi muammolarini o`rganish jarayonida shu yilning 18 mart holatiga ko`ra, Botirovlar xonadoni oila a`zolarining salomatligi yaxshi emasligi, aksariyati, ayniqsa, bolalarda shamollash, ijtimoiy moslashuvchanlik qobiliyati pastligi kuzatilgan. Ularga tibbiy va ruhiy-psixologik yordam ko`rsatish zarur. Oila iqtisodiy imkoniyat yo`qligi sababli qishni o`tin va ko`mirsiz o`tkazgan. Oila boshlig`i – 1961 yilda tug`ilgan Martavali Botirovning fuqarolik pasporti bir necha yillar avval yo`qolgan bo`lsa, uning turmush o`rtog`i Shahrixon Ergasheva pasportining amal qilish muddati 2012 yilda tugagan. Oila avval tumandagi Chortoq MFY hududida yashagan, keyin shu vayrona maskanga ko`chib kelgan. Mashina-traktor parki atrofi esa fuqarolar tomonidan tashlanayotgan chiqindilar sababli axlatxonaga aylangan. Oila a`zolarining toza ichimlik suvi, tabiiy gazga ehtiyoji katta.
Oradan 20 kundan ziyod vaqt o`tdi. O`tgan davrda bu oilaga qanday yordam ko`rsatildi? Ularning muammolari qay darajada echimi topmoqda?
Shu savollarga oydinlik kiritish maqsadida 6 aprel kuni Pop tumani Nurobod mahalla fuqarolar yig`inida bo`ldik. Yig`in raisi Mavluda Sharipova bizga Botirovlar oilasi yashab kelayotgan sobiq MTP binosi (4 xonadan iborat) va 6 sotix er maydonini mazkur oila nomiga nol balans qiymatda rasmiylashtirib berilayotgani, tez kunlarda er va binoning kadastr hujjatlari tayyor bo`lishi hamda shu to`g`rida tuman hokimining qarori ham chiqishini ma`lum qildi.
Demak, bu oilaning asosiy muammosi hal bo`lish arafasida – uy-joyga bo`lgan ehtiyoji qondirilmoqda. Oila boshliqlari yangi fuqarolik pasportlariga ega bo`lgach, mazkur mahallada yashash uchun doimiy ro`yxatga qo`yiladi. Bu oilaga nafaqa puli yoki moddiy yordam tayinlanishi uchun asos bo`ladi.
Mazkur masala yuzasidan tuman IIB pasport bo`linmasi boshlig`i, mayor Rustam Mo`minov bilan telefon orqali bog`landik.
– 15 kun muqaddam har ikki fuqaro pasportini qayta tiklash va almashtirish masalasida bo`linmamizga murojaat etib, barcha kerakli hujjatlarni taqdim etishdi, – dedi R. Mo`minov. – 9 aprel kuni Martavali Botirov va Shahrixon Ergasheva yangi fuqarolik pasportlariga ega bo`lishadi.
Aytgancha, bu masalada, me`yoriy hujjatlarda belgilanganidek, har ikki fuqaro to`lashi lozim bo`lgan jarima miqdori hamda boshqa to`lovlar 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig`i S. Abdulhamidov tomonidan qoplangan.
Yig`in raisi M.Sharipova, kotibi X.Qo`chqorova, Iskovut qishloq vrachlik punkti umumamaliyot shifokori Shirmonoy Hamralieva hamrohligida Botirovlar oilasi yashab kelayotgan “Do`stlik” ko`chasidagi sobiq MTP binosida bo`ldik.
Oila bekasi Shahrixon opa bizni ko`tarinki kayfiyatda kutib oldi. Qizi Odina, kelini Nargiza va nabiralarining ham yuzida tabassum.
– Vrachlik punkti shifokorlari, patronaj hamshira Feruzaxon (Rahmatova) bizdan tez-tez xabar olib turishibdi, – dedi Shahrixon opa. – Kuni kecha men va turmush o`rtog`imni tuman markaziy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi. Xudoga shukr, turmush o`rtog`imni sog`lom deb aytishdi. Menda biroz shamollash bor ekan, shu bois 8 turdagi dori-darmon vositalarini bepul berishdi. Hozir yaxshiman. Nabiralarim salomatligini ham shifokorlar nazorat qilib turishibdi, ularning ham sog`ligi tiklandi.
– Shahrixon opa, turmush o`rtog`ingiz qaerdalar? – so`radik suhbat asnosida.
– Fermer xo`jaligiga ishga chiqib ketganlar.
– Xudo xohlasa, tez kunlarda mana shu bino va 6 sotix er sizlarning nomingizga rasmiylashtiriladi. Uy-joyli bo`lyapsizlar. Sog`ligingiz ham ancha yaxshi. Endi bu hovlini obod qilish, oila iqtisodini yaxshilash uchun qandaydir rejalarni tuzgan bo`lsangiz kerak?
– Albatta, baraka topishsin, yig`in raisi Mavluda opa bizga katta yordam beryapti. Gaz plitasi va suyultirilgan gaz balloni olib kelib berdi. Yonimizdagi chiqindixona yo`q bo`ldi. 3 ta yuk mashinasida tuproq olib kelishdi, hatto g`isht quyish uchun qoliplarni ham berishdi. Endi hovli atrofini qo`rg`on qilish uchun o`g`lim va turmush o`rtog`im g`isht quyishadi, biz ayollar ham qarab turmaymiz. Darvoza ham o`rnatmoqchimiz.
Qolaversa, mahalladagilar, saxovatli insonlar bizlarga yangi kiyim-kechaklar, o`yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, o`tin-ko`mir ham olib kelib berishyapti. Hammasi uchun avvalo Prezidentimizga, rahbarlarga, mehribon insonlarga rahmat aytamiz. Ular bizni yo`qlab, mushkulimizni oson qilishdi, Xudoyim ularning martabasini yanada ziyoda qilsin. Yana bir narsa uchun judayam minnatdorman. Nabiram Yahyobek kecha maktabdan juda xursand qaytdi. Tug`ilgan kuni edi, mahalla idorasi vakili, uchastka profilaktika inspektori maktabga borib, uni tabriklashibdi, sovg`alar berishibdi. Nabiramning quvonchini so`z bilan ifodalab berolmayman. Hamma o`rtoqlarim menga havas qilishdi, deganida, yuragimda hech qachon tuymagan hisni sezdim. Baraka topishsin, vrachlar, o`qituvchilar, psixologlar barcha nabiralarim ruhiyatini yaxshi tomonga o`zgartirishga harakat qilishyapti.
– Fuqarolik pasportlarini olishganidan keyin bu oila imtiyozli bank kreditlari yordamida, qoramol boqish yoki parrandachilik bilan shug`ullanishi ham mumkin, – dedi suhbatimiz yakunida yig`in raisi. – Ko`rayapsiz, bino atrofi nihoyatda keng, bu tovuq, qo`y yoki qoramol boqish imkoniyatini beradi. Faqat izlanish, harakat qilish, imkoniyatlardan foydalana bilish kerak.
Darvoqe, inson hayoti davomida turli sinov, mashaqqatu qiyinchiliklarga ro`baro` keladi. Ana shunday paytlarda uning atrofida yaxshilarning borligi juda muhim. Bir og`iz so`z unga dalda, madad, katta kuch beradi. Yaxshilar ko`magidan ko`ngli ko`tarilgan Botirovlar xonadonidan qaytar ekanmiz, Prezidentimizga, har bir oila, har bir inson tashvishi bilan yashayotgan rahbarlarga, muruvvatli insonlarga qayta-qayta minnatdorlik bildirib qolgan ayol nigohidagi ishonch bizning ham ko`nglimizni yoritib yubordi. Bu ishonch oila hayotini yaxshilik tomon o`zgartirishga qodir ekaniga shubhamiz yo`q.






