“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining tibbiy-ijtimoiy markazida Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti mutaxassislari tomonidan 12 yoshgacha bo`lgan bolalar tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Loyiha kam ta`minlangan oilalardagi tayanch-harakat tizimining tug`ma irsiy kasalliklari va jarohatlar natijasidagi asoratlari, peshob yo`li (ekstrofiya, gipospadiya) va ovqat hazm qilish tizimining tug`ma nuqsonlari bilan operasiyaga muhtoj, kuyish asoratlari oqibatida jismoniy harakatlanish va funksiya buzilishiga olib keluvchi ko`plab chandiqli kontrakturalar va ularning asoratlari bo`lgan bemor bolalar salomatligini mustahkamlash hamda ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo`llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan maxsus sog`lomlashtirish dasturi doirasida amalga oshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan Toshkent, Sirdaryo viloyatlari va poytaxtlik bolalarga kerakli tashxis qo`yilib, ota-onalariga shifokorlar tavsiya va maslahatlari berildi.
Mazkur loyiha 8-9 aprel kunlari Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida ham amalga oshirilgan edi.
11-12 aprel kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 13 aprelda esa Qoraqalpog`iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi bemor bolalar tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Eng og`ir deb topilgan bemor bolalar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalariga davolanish uchun yuboriladi.






