1

"Keldik, ko`rdik, tanishdik..." O`zbek jurnalistlari mail.ru group faoliyati bilan tanishib qaytishdi. Ijtimoiy tarmoq: Ehtiyoj va ehtiyotkorlik

Dunyo 11.04.2018, 16:01
"Keldik, ko`rdik, tanishdik..." O`zbek jurnalistlari mail.ru group faoliyati bilan tanishib qaytishdi. Ijtimoiy tarmoq: Ehtiyoj va ehtiyotkorlik

Bugungi kunda hayotimizni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilolmaymiz. Statistik ma`lumotlarga ko`ra Er shari aholisining 70 foizdan ortig`i u yoki bu ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi. Ularning aholi, aynqsa yoshlar tarbiyasiga zararli jihatlari xususida bot-bot gapiriladi. Ammo, tan olish kerak, bugun ular har bir sohada insoniyatning ko`makchisiga ham aylanib ulgurdi. Ta`bir joiz bo`lsa, ijtimoiy tarmoq, umuman internet xuddi olovga o`xshaydi. U yo`limizni yoritadi, uyimizni isitadi, mushkulimizni oson qiladi. Ehtiyotsizlik bilan foydalanisa, turli noxush holatlarga ham sabab bo`ladi.

29-30 mart kunlari bir guruh hamkasblar – etakchi nashrlar, internet saytlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan media-tur doirasida Moskva shahrida amalga oshirgan safarmiz asosida ana shu masalalar diqqatimiz markazida bo`ldi.

Ekaterina Ikkinchidan Gagaringacha

Avvalambor, har gal xorijiy davlat, shaharlarga boradigan bo`lsak, u erdagi o`zgarishlar, yangilanishlar, jarayonlarni atroflicha kuzatishga, o`zimizdagi holatlar bilan solishtirishga harakat qilamiz. Moskva chindan ham, dunyoning eng yirik, rivojlangan, gavjum va go`zal shaharlaridan biri. Barcha yirik shaharlarda bo`lganidek, bu erda ham birinchi navbatdagi muammo – tirbandlik. “Domodoedovo” aeroportidan shahar markazigacha bo`lgan 70 chaqirimdan ortiq masofani bosib o`tish uchun ikki soatcha yo`l yurishga to`g`ri keladi. Biroq, ayrim shaharlaridagidek mashinalarning tinimsiz signallariyu haydovchilarning baqir-chaqirini deyarli eshitmaysiz. Yo`l harakati qoidalariga qat`iy amal qilinadi.

Biz – hamrohlar shaharning tarixiy obidalaridan biri bo`lgan “Petrovskiy putevoy dvores” (Petr yo`l bo`yi saroyi) hududidagi mehmonxonada joylashdik. 1776-1780 yillarda Ekaterina II ning buyrug`iga binoan qurilgan bu muhtasham inshoot Chor Rossiyasi paytida juda ko`p tarixiy voqealarning guvohi bo`lgan.

Aleksandr Sergeevich Pushkin o`zining “Evgeni Onegin” poemasida mazkur tarixiy obidani alohida ta`riflab o`tgan:

Mana o`sha Petr qal`asi,

Bir mahallar shonga qorilib,

Ma`yus va tund turibdi bugun...

Mixail Lermontov ham bir muddat qasr xonalaridan birida istiomat qilgandi. Ma`lumotlarga ko`ra, bu qasrda Aleksandr Birinchi, Nikolay Ikkinchi singari imperatorlar ishtirokidagi rasmiy marosimlar o`tkazilgan, fotih Napoleon ham 1812 yilda Moskvadan qaytayotib, bir necha kun tunab qolgan.

Ne-ne mashhur shaxslar, xorijiy elchilar, davlat arboblari bu saroyda to`xtatb o`tishgan. Sobiq tuzum davrida Jukovskiy nomidagi Harbiy havo akademiyasi joylashgan bu imoratda bir paytlar buyuk kosmonavt Yuriy Gagarin ham yashagan. Ne baxtki, ana shunday mashhur tarixiy shaxslarni ko`rgan bu tarixiy majmua hududida bir kun tunab qolish bizga ham nasib etgan ekan.

“Shaharning go`zalligini qaranglar!”

Media-tur tashkilotchilari belgilagan kun tartibiga ko`ra, tushdan keyin Moskvaning yuragi – Qizil maydonga sayohat uyushtirildi. Mana, biz, nihoyat bir paytlar (kerak bo`lsa hozir ham) dunyo siyosatining markaziy nuqtalaridan bo`lgan Kreml binosi qarshisidamiz. Maydonda dunyoning turli hudularidan kelgan, turli millat, din va irqqa mansub sayyohlarni uchratamiz.

Mart oyi oxirlab, O`zbekistonda ko`pchilik engsiz kiyimlarni ixtiyor etgan bir paytda Qizil maydonda qalin qishki kiyimlarda sayr etyapmiz.

Tashkilotchilardan biri – “Odnoklassniki.ru” tarmog`ining matbuot kotibi Sergey Tomilov bizga Qizil maydon va undagi tarixiy inshootlarning o`tmishi, bu erda yuz bergan voqea-hodisalarni zavq-shavqqa to`lib so`zlaydi. Bir qarashda uning internet texnologiyalari sohasi xodimi emas, bilimdon tarixchi, so`zamol gid deb o`ylash mumkin.

YuNESKOning Butunjaho merosi ro`yxatiga kiritilgan Qizil Maydon haqiqatan ham Rossiyaning o`tmishi va buguni tutashgan hudud. Bu erda joylashgan Qozon jomesi, Kreml nekropoli, Vasiliy Blajenniy ibodatxonasi, Minin va Pojarskiy yodgorligi, Markaziy universal magazin, tarix muzeyi – barcha-barchasi haqida ko`p va xo`p gapirish mumkin.

Beixtiyor Moskva ko`chalarini kezarkansiz, mashhur sovet filmining bosh qahramoni – XX asrdagi Moskvaga kelib qolgan Shoh Ivan Grozniyning faxr va hayrat bilan aytgan gaplari yodga tushadi: “O, shaharning go`zalligini qaranglar!”

71 million “sinfdoshlar”

Tashkilotchilar nafaqat O`zbekistondan, balki Belarus respublikasidan ham jurnalistlarni chaqirishgan ekan. Kechki ovqat paytida, dasturxon ustida tadbir tashkilotchilariga axborot bozoridagi shiddatli kurash va bu maydonda yashab qolish zarurati xususida so`z yuritildi.

“Odnoklassniki.ru” ham bugugi kunda “Feysbuk”, “Telegram”, “Tvitter”, “Vatsapp” singari messenjer va ijtimoiy tarmoqlar orasida o`z o`rniga ega. Tarmoq vakillarining aytishicha, Tarmoqning oylik auditoriyasi 71 mln kishiga teng. Ma`lumotlarga ko`ra, tarmoq foydalanuvchilarining asosiy qismi – 30%ga yaqinini 26-30 yoshgacha bo`lganlar tashkil etadi. O`zbekistonda esa, bu ko`rsatkich biroz farqli: ya`ni foydalanuvchilarning teng yarmi 25-35 yosh oralig`idagi insonlardir. O`zbekistonlik foydalanuvchilar o`z salmog`iga ko`ra, MDH davlatlarida Belarus va Qozog`istondan keyingi uchinchi o`rinda turadi.

Albatta, tashkilotchilarning maqsadi ayon: o`z foydalanuvchilari sonini yanada ortirishni, qamrov doirasini kengaytirishni istashadi. Buning uchun ular barcha imkoniyatlarini ishga solishmoqda. Yangi-yangi kontentlar, xizmat turlari, hatto tarmoq ichida yangi messenjer ochishmoqda.

Axborot maydonidagi kurash

Mail.ru deganda beixtiyor ko`pchilik o`zi deyarli har kun ishlatadigan elektron pochtani ko`z oldiga keltiradi. Sir emas, MDH va sharqiy Evropa davlatlarida aholining aksariyat qismi qismi ushbu pochta xizmatidan foydalanadi. Millionlab foydalanuvchilarga ega bo`lgan OK ijtimoiy tarmog`i ham bevosita ushbu kompaniyaning loyihasi hisoblanadi.

Shaxsan men, Mail.ru group kompaniyasi Moskva markazidagi 26 qavatli muhtasham binoni butunlay egallab olgani, u erda 2 mingdan ortiq xodim ishlashini tasavvur qilolmasdim. Kompaniya vakillari bilan uchrashuv aynan ushbu binoning 23-qavatida tashkil etildi.

Kompaniya vakillari – OKning strategik mahsulotlarni rivojlantirish bo`yicha direktori Semyon Boyarskiy, biznesni rivojlantirish bo`yicha direktor Aleksey Kashevarov, OK matbuot kotibi Sergey Tomilov va boshqalar bugungi axborot makonida ijtimoiy tarmoqlarning o`rni, mazkur tarmoqning kelgusidagi ish rejalari, yangi loyihalar va media-mahsulotlar, axborot bozoriga chuqurroq kirib borish maqsadida ko`rilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil so`z yuritishdi.

Men esa, soha vakillaridan anchadan beri o`zimni qiziqtirayotgan bir savolni berishdan o`zimni tutib turolmadim:

–Bugun ijtimoiy tarmoqlar turli buzg`unchi g`oyalar, aqidaparat kuchlarning ham asosiy quroliga aylanmoqda. Turli terroristik guruhlar yoshlarni aynan ushbu tarmoqlar orqali jalb etishmoqda. Kompaniya vakillari bu haqda ham jiddiy o`ylab ko`rishganmi? Ana shunday noxush holatlarning oldini olish uchun biror jiddiy choralar ko`rilyaptimi?

-Albatta juda dolzarb mavzudan so`z ochdingiz, - dedi tashkilotchilardan biri Sergey Tomilov. – Ijtimoiy tarmoqlardan qora niyatli kuchlar ham faol foydalanayotgani juda achinarli va bu albatta bizni ham tashvishga soladi. Ammo, millionlab akkauntlarni birdek kuzatib borish, ayniqsa shaxsiy yozishmalarni nazorat qilishning imkoni yo`q. Shunga qaramay, foydalanuvchilar biror sahifada diniy aqidaparastlik, separatizm, buzg`unchilik g`oyalariga yo`g`rilgan materiallarni payqab, xizmat markazimizga murojaat qilishsa, albatta o`sha sahifani bloklaymiz. Ammo, bunday kimsalar o`z sahifalarida har doim ochiq-oshkora targ`ibot ishlarini olib borishmaydi. Bunday ishlar odatda shaxsiy yozishmalar orqali bajariladi. Shu bois, eng avvalo foydalanuvchilarning o`zida fikriy immunitet bo`lishi, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratishi lozim.

Yana ko`rishguncha, Moskva!

Albatta ikki kun Moskva bilan tanishish, u haqda to`laqonli tasavvur hosil qilish uchun etmaydi. Shaharda ertayu kech hayot qaynaydi. Bu erda ma`lumotlarga ko`ra, 12,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Albatta, ular orasida hamyurtlarimiz ham ko`pchilikni tashkil qiladi.

Safar asnosida shu erda rizqini terib yurgan, yashayotgan, o`qiyotgan, mehnat qilayotgan bir qancha hamyurtlarimzin uchratdik. Ular bilan suhbatlvashish asnosida har birining yuz-ko`zlarida Vatan sog`inchini his qildik. To`g`ri Moskva chindan ham betakror shahar. Bu shahar qaysidir jihatdan bizga qadrdondek tuyuladi, qaysidir tomondan esa, begonadek.

...Nihoyat safarimizning ikkinchi kuni yana ortga, aeroportga qaytyapmiz. Bizga biriktirilgan haydovchi – “Mostaksi” vakili juda kirishimli yigit ekan. Tomiridan arman qoni oqayotganini faxr bilan ta`kidlab o`tgan haydovchi yo`l-yo`lakay Moskvaning o`ziga xosliklarini uqtirishdan charchamaydi. O`zimiz ekranda ko`rib o`rgangan tasvirlar – “Ostankino” minorasi, “Moskva-Siti”ning osmono`par inshootlari, Moskva Davlat universiteti – barchasi birma-bir o`tib boraveradi.

Va nihoyat biz yana aeroportdamiz. Ha aytgancha, avval ham bu holat bo`lganmi-yo`qmi bilmadim, lekin aeroportda Toshkent va Moskva orasida qatnaydigan reyslar haidagi ma`lumotlar o`zbek tilida ham e`lon qilinayotganidan allanechuk g`ururlanib ketdik.

Xullas, ikki kunlik safar taassurotlarga juda boy bo`ldi. Ularning bir qisminigina Siz bilan bo`lishdik xolos!

Rustam Jabborov tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1