Bugungi kunga kelib er-xotin o`rtasidagi kelishmovchiliklar sabab ajralishlar soni ortyapti. Bundan esa avvalo, voyaga etmagan bolalar jabr ko`radi. Ayniqsa, ularning qarovsiz, mablag`siz qolishlari kelajagiga, tarbiyasiga rahna soladi.
Buni bugun ijtimoiy tarmoqlarda tezlik bilan tarqalayotgan salbiy xabarlar orqali ham kuzatyapmiz. Bunday holatlarga esa, eng avvalo voyaga etmagan bolalarning mablag`siz, qarovsiz qolishlari sabab bo`lyapti. Shu sababli sud-huquq sohasidagi qonunchilikda qator o`zgarish va yangiliklar bo`ldi. Xususan, aliment to`lovlarini o`z vaqtida undirilishi, voyaga etmagan bolalarni kelajagini asrash, ularning huquqlarini poymol qilinishining oldini olish maqsadida qonunlar yanada takomillashtirilyapti.
Voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash to`g`risidagi javobgarlik O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan belgilangan. Unga ko`ra, moddiy yordamga muhtoj bo`lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, ya`ni ularni moddiy jihatdan ta`minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi kerak bo`lgan mablag`ni jami bo`lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to`lamasa jinoiy javobgarlikka tortilar edi. Shu yilning to`qqizinchi yanvaridan ushbu moddaga o`zgartirish kiritildi. Bu o`zgartirish esa voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni qonunan yanada himoyalaydi. Bu o`zgartirishga ko`ra, sud qaroriga asosan undirilishi kerak bo`lgan mablag`ni jami bo`lib ikki oy davomida to`lamaslik, bu ma`muriy jazo qo`llanilgandan keyin sodir etilgan bo`lsa, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha qilmish xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Fuqarolarning sudlanganlik holatiga tushishlarini oldini olish maqsadida engillashtiruvchi qo`shimcha qism ham kiritilgan. Unga ko`ra ayblanuvchi shaxs aliment majburiyatlari bo`yicha qarzdorlikni to`liq to`lagan bo`lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Zoir KAMOLOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha
Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi






